Читайте только на ЛитРес

Книгу нельзя скачать файлом, но можно читать в нашем приложении или онлайн на сайте.

Читать книгу: «Беш болали йигитча», страница 4

Шрифт:

Urush tugaganligi haqida yana tog‘ora chalindi. Hammamiz hozirgina og‘ir janglardan so‘ng qo‘lga kiritganimiz tepalikka to‘plandik yarador bo‘lganlar-u, o‘lganlarni ham o‘sha yerga sudrab olib chiqdik.

– Muallim, menda savol bor? – deb qoldi bir mahal dushman tomonning asir olingan komandiri Hayitkalla.

– Xo‘sh?

– Bular bizni aldadi.

– Aldab nima qildi?

– Urushdan oldin siz qo‘l-oyoqni bog‘lash haqida hech narsa demagan edingiz-ku?

– Bu – taktika, – dedim men.

– To‘g‘ri, – tasdiqladi maktab qo‘shinlarining qo‘mondoni, – ba’zan urushda mana shunaqangi kutilmagan usullarni ham qo‘llashga to‘g‘ri keladi. Ochig‘ini aytsam, men bularning topqirligidan xursand bo‘ldim… Hammalaring ham chinakam qahramonlik ko‘rsatdilaring! Hayitvoy, sening askarlaring ham bo‘sh kelishmadi, rahmat sizlarga, har bir jangchi ana shunday fidoyilik bilan jang qilsa biz dushmanni majaqlab tashlaymiz.. Xo‘sh, bugungi jangda eng ko‘p qahramonlik ko‘rsatgan kim bo‘ldi?

– Sulton.

– Sulton Mirzayev! – deb qichqirishdi askarlar.

Maktab qo‘shinlari qo‘mondonining buyrug‘i bilan noma’lum tepalik uchun bo‘lgan jangning qahramoni Sulton Mirzayevga eng oliy mukofot – ikki norma kartoshka beriladigan bo‘ldi.

– Endi, hurmatli askarlar, – murojaat qildi maktab qo‘shinlarining qo‘mondoni, – eng so‘nggi tepalik – kartoshka qaynab turgan dosh qozonni qurshab olish uchun olg‘a! Bir-ikki-uch…

– Birlikdadir kuch!

– Qozon tomon uch!

– Kartoshkalar puch!

– Kim u gapirayotgan? – tartibga chaqiradi maktab qo‘shinlarining qo‘mondoni.

– O‘zingiz gapirdingiz, – javob qaytaradi Mahmudxon.

OTAMIZDAN XAT KELDI

Rostini aytsam, otam ketgandan buyon xuddi yetim bolalardek mung‘ayib qolganmiz. Uyimizda tuzukroq bir xursandchilik ham yo‘q. Har kuni bir dilisiyohlik. Omon kech kirishi bilan ko‘cha eshik oldiga o‘tirib olib, «Ota keling, non olib keling» deb yig‘lash-ga tushadi. Bir amallab qornini to‘yg‘azib qo‘ysam, «Ota keling, ertak aytib bering…» deb yig‘isining ikkinchi qismini boshlab yuboradi. Ba’zan qo‘ni-qo‘shnilar, Omonboy, nega hadeb yig‘layverasan deb so‘rashsa, nima qilay axir boshqa ishim bo‘lmasa, deb qo‘yadi. Goho yig‘lay-yig‘lay og‘zida noni bilan ostona tagida uxlab qoladi.

Opam bo‘lsa hamon daladan beri kelmaydi. Sulton aytganidek u traktorni o‘ziga o‘g‘il qilib olgan, o‘shani silab-siypaydi, onda-sonda kelsa ham, esnab-esnab o‘tirish yoki jindek mizg‘ib olish uchun keladi. O‘zim bo‘lsam goh dalaga, goh maktabga, goh uy ishlariga yuguraverib naq abjag‘im chiqib ketgan. Ko‘pincha o‘tirib olib yig‘lab-yig‘lab olaman yoki kuchim yetadigan ukalarimdan bitta-yarimtasini savalab, sal hovrimdan tushganday bo‘laman, urishga uraman-u, lekin ularga qo‘shilib o‘zim ham yig‘lashga tushaman…

Bir kuni kechqurun hovlida Zulayho bilan g‘ijillashib turgan edik eshikning ikkov tavaqasi sharaqlab ochilib ketdi-yu, hovliqqancha Sulton kirib keldi.

– Aka, akajon! – dedi entikib.

– Nima deysan?

– Suyunchi, suyunchi ber.

– Nima gap axir?

– Yo‘q, avval suyunchi cho‘zasan!

Suyunchi bersam bera qolay, xushxabarni tezroq eshita qolay deb ukamga omborxonaga kirib, bir hovuch o‘rik olib chiqib berdim.

– Otamdan xat keldi! – qichqirib yubordi Sulton.

– Xat?! – Zulayho ham qichqirib yuborgandek bo‘ldi.

Ichkari uyda o‘ti uchib qolgan tanchada oyoqlarini qo‘lga tiqib boshqa ukalarim ham o‘tirishgan edi. «Otam, otam kepti!» deya qiyqirishib yalang oyoq yugurib chiqishdi. Men ham xuddi otamning o‘zi kirib kelgandek o‘zimda yo‘q sevinib ketdim. Huvillab turgan hovlimiz bir nafasda quvonch-u shodliklarga to‘lib-toshgandek bo‘ldi. Ichkari kirib, qora chiroqni yoqdik-da, tancha atrofiga qaldirg‘och bolalaridek tizilishib xatni o‘qiy boshladik.

«Sog‘inchli salom!

Uzoq ellardan borib ma’lum bo‘lsinkim, men kim Mirzapolvon Ahmadpolvon o‘g‘li oqil-u dono komandirlarimizning tarbiyasida sog‘-salomatdurman.

Tun-u kun traktor haydab, yerlarning tanobini tortib yurgan jufti halolimiz Karomatbibiga, onasining ham o‘g‘il-u ham qizi, ukalariga ham aka-yu ham ota bo‘lib qolgan aqlli o‘g‘limiz Orifjonga, pahlavon Sultonboyga, kamtaru kamgap, jondan yaxshi ko‘rgan qizim Bibizulayhoga, rasmlar chizib, chopqillab o‘ynab yurgan Usmonjonga, shoir o‘g‘lim, ertakchi o‘g‘lim, suyukligim Omonjonga, kenjatoyim, ona qizim, tili chuchuk Robiyabibiga alangali salomlar bo‘lsin va yana otam o‘rniga otam, suyangan tog‘im, o‘g‘il-qizlarimning mehriboni Parpi amakimga, onam o‘rnida onam, ko‘zimning nuri To‘xta xolamga lak-lak duoi salomlar yo‘llab qolaman va ularga ma’lum bo‘lsinkim, haligacha na Anorvoyni, na Bo‘rivoyni, na Dehqonboyni ko‘ra oldim. Ular boshqa jang maydonida urushayotgan bo‘lsa kerak. Xolajonim berib yuborgan sovga-salomlarni qopga solib orqalab yuribman, ko‘rib qolsam albatta topshiraman.

Sizlarga xat yozmaganimning boisi shuki, Toshkentga kelgandayoq hamqishloklarimdan ajralib ketganman, xat yozib beradigan odam topolmay yurdim.

Bir oy kechasi-yu kunduzi yo‘l bosdik mana hozir kichkinagina bir shaharchamiz, Miltiq otishni, pulemyot o‘qlashni, «Ur-ra!» deb hujum qilishni o‘rganyapmiz. Komandirlar mendan xursand, zehningiz tuzuk ekan deyishyapti. Tunov kuni yolg‘ondakam hujumga o‘tganimizda og‘zidan o‘q yeydigan zambarak loyga tiqilib qoldi, yelkam bilan itarib quruqlikka olib chiqib bergan edim, katta komandir, sen yaxshi askarsan, deb orqamga urib qo‘ydi, shunisiga ham shukur.

Qimmatli o‘g‘lim Orifjon, bilaman, senga juda og‘ir, shunday bo‘lsa ham, baribir sendan yana iltimos qilaman, opangni ko‘p kuydirmanglar, o‘sha sho‘ring qurg‘urga ham oson emas, chigitni ekib bo‘lguncha yordam berib turinglar.

Sigirni sotdilaringmi? Uni yelinini to‘ldirib turib sotinglar, keyin, o‘g‘lim, tokning tagini choptirib qo‘ygin, bo‘lmasa novda surmaydi. Haligi katta uyda chuqur tokcha borku, o‘sha yerda mening Farg‘ona kanalida Oxunboboyev bilan tushgan rasmim bor, qog‘ozga o‘rab qo‘yibman, ushani olib, sandiqqa solib qo‘yinglar, tag‘in sichqon kemirib ketmasin.

Endi, esli o‘g‘lim, senga oxirgi iltimosim shuki, yaxshi o‘qigin, ukalaringning o‘qishidan ham boxabar bo‘lib tur, opang ikkovimizning savodsiz bo‘lganimiz ham yetar.

Ushbu duoi salomni Qo‘rg‘oncha qishloqlik Sa’dulla Burxonov degan yigitga aytib yozdirdim. Bu akang uch kun oldin bizga komandir bo‘lib keldi, to‘ppa-to‘g‘ri urushdan chiqib kelibdi, bizni urushga o‘zi olib borarkan, vaqt topib Qo‘rg‘onchaga borib, akangning onasiga ko‘pdan-ko‘p salom aytib qo‘ygin. Xudo xohlasa, tez kunda yuz ko‘rishib qolarmiz.

Qo‘l qo‘ydim Mirzapolvon Ahmadpolvon o‘g‘li».

Ishonsangiz, xatni bir emas, uch bora o‘qib beribman hamki, ukalarim:

– Yana!

– Tag‘in o‘qib bering! – deb chuvillashadi deng. Nihoyat suyunchi olish uchun To‘xta xolamnikiga qarab yugurdik. Bechora xolam negadir o‘zini yo‘qotib qo‘ydi, pildirab goh eshikka chiqadi, goh uyga kiradi, nuqul «Voy xudoyim»laydi. Bizga suyunchi olib chiqaman deb bir mahal omborxonadan bir lagan tuz kutarib chiqibdi deng.

– Xola, buningizni yeb bo‘lmaydi-ku, – deb kulib yubordi Sulton.

– Voy, esim qursin! – deb xolamning o‘zi ham kulib qo‘ydi. Keyin bizga xatni tezda Karomatbibiga yetkazinglar, bechora xat so‘rayverib yurak-bag‘ri ezilib ketdi, deb tayinladi. Men shoshilib dalaga otlangan edim, Sulton ham indamasdan yirtiq etigini oyog‘iga torta boshladi. Sultonni ko‘rib, Usmon ham taraddudlanib qoldi, e boringki, yana galalashib hammamiz boradigan bo‘ldik-da.

Traktor tulkixonaning orqasiga o‘tib ketgan ekan. Izlab topgunimizcha naq yarim kechasi bo‘lib qolayozdi. Buning ustiga traktor ham yurmayotgan ekan, bo‘lmasaku, ovoz chiqqan tomonga qarab tusmollab boravergan bo‘lardig-a. Traktor buzilib qopti, Mukarram opa tarasha yoqib atrofni yoritib turibdi, opam traktorning ostida, paypaslanib allakimni «og‘zidan qoning kelgur» deb qarg‘ab yotibdi. Biz kelganimizni ko‘rib opam:

– Orifjon, tinchlikmi? – deb so‘radi.

– Otamdan xat keldi! – chuvillashdi ukalarim.

– Voy tillaringga shakar-ey – dedi opam entikib, lekin negadir xatni darrov o‘qimadi, Robiyabibini qo‘liga olib, xabarchi qizimdan o‘rgilay, deb yuz-ko‘zlaridan o‘pdi, Omonni tizzasiga o‘tqazib boshlaridan siladi, Zulayho, Usmon – hammamizni bir-bir erkalab chiqdi. Suvi qochib qolgan piyozli patiri bor ekan, o‘sha bilan bizni mehmon ham qildi.

– Qani, Orifjon, xatni o‘qichi, – dedi nihoyat. Mukarram opam tarasha yoqib atrofni yoritib turdi, men xatni deyarli yoddan o‘qib berdim.

– Xayriyat, eson-omon ekan, – dedi opam xo‘rsinib. Keyin negadir yig‘lab yubordi…

Traktorni yurgizishning iloji yo‘q ekan, hammamiz uyga qaytadigan bo‘ldik. Opam Robiyani, Mukarram opam qora po‘stinga o‘ralib uxlab yotgan qizchasini, shu holicha, po‘stinga o‘ralganicha ko‘tarib oldi. Yo‘lyo‘lakay qiziq-qiziq gaplardan gaplashib, qiqirlashib kulishib keldik. O‘ringa yotayotganimizda Omon:

– Opa, endi traktoringiz hecham yurmasin, xo‘p mi? – dedi esnab.

– Nega unday deysan, shirin o‘g‘lim?

– Endi har kuni men bilan yotasiz, traktor bilan yotmaysiz.

– Obbo shirinim-ey, beriroq yot, orqangni qashib qo‘yay, – kulib dedi opam.

Kechasi hammamizning tushimizga otam kiribdi. Omon otamni ot qilib minib yurgan emish, otam rasmana otga o‘xshab, kishnab to‘rt oyoqlab choparmish, Omon qiqirlab kularmish. Usmonni qovun sayliga olib borgan emish, otam, Usmonjon, qovunni ko‘p yemagin, kechasi ko‘rpangni ho‘l qilib qo‘yasan dermish. Zulayhoga otam chit ko‘ylak bilan popukli ro‘mol olib bergan emish-u, meni quvlab yetsang keyin beraman deb hadeb qochar emish. Sulton ko‘rgan tushini yaxshi eslay olmay:

– Men o‘ngimda ko‘rdim, o‘lay agar, kechasi hovliga chiqsam otam o‘tin yorayotgan ekan, o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, xudo ursin agar! – deb qasam ichib turib oldi.

Men bo‘lsam, otam armiyaga ketayotganda eshagimiz qochib ketgan edi-ku, o‘shani ko‘rgan emishman. Eshak qocharmish ikkovimiz quvlar emishmiz… Ota, keta qolayliq axir siz kechga qolyapsiz, desam, «yo‘q, buni ushlab o‘qitish kerak eshak o‘qimasa odam bo‘lmaydi» deb yana quvlar emish. Bir mahal eshaklar juda ham ko‘payib ketdi, hammasi oldingi oyoqlarini ko‘tarib, og‘zini ochib men tomonga bostirib kela boshladi:

– Ota, otajon! – deb baqirib yubordim.

Ehtimol otam opamning ham tushiga kirgandir-u, lekin buni biz bilolmay qoldik. Nega desangiz biz o‘rnimizdan turganimizda opam allaqachon dalaga ketib bo‘lgan ekan.

OPAM BOZORGA OLIB BORDI…

Bugun yakshanba, maktabga bormaymiz, issiq o‘rnimizdan turgani erinib, bir-birimizga tush aytishib, tili burro Robiyani gapga solib kulishib yotgan edik to‘satdan eshik ochilib ostonada opam paydo bo‘lib qoldi:

– Voy sho‘rim, haliyam yotibsizlarmi? – ranjigandek bo‘lib so‘radi.

– Sigirga xashak solib qo‘yganman, – dedim nima qilishimni bilmay.

– Qani, tezroq turinglar, – ish kiyimlarini yecha boshladi opam, – bozorga boramiz.

– Hammamizni? – hovliqib so‘radi Sulton.

– Hammamiz!

Shu paytda yuz bergan to‘polonni ko‘rsangiz: biri ko‘ylagini axtargan, biri shimini kiyolmay tepingan, boshqasi yuzini yuvish uchun hovliga yugurgan, yana bittasi ishtonini teskari kiyib shunday ketaveraman deb irg‘ishlagan…

– Opa! – deb qoldi bir mahal Omon.

– Nima deysan, shirinim?

– Usmonni olib bormaysiz.

– Nega endi olib bormas ekanmiz?

– Har kuni tuya qilib beraman deb nonimning chekkasini yeb qo‘yadi u.

– Obbo mug‘ambir-ey!

– Undan keyin, opa mana shu Sultonniyam olib bormaymiz.

– Xo‘sh, nega olib bormas ekanmiz?

– Har kuni ko‘rpada yotganda ajina kelyapti deb meni qo‘rqitadi.

– Qulog‘ini kesib olaman uning! – dag‘dag‘a qildi opam.

– Opa, bozorda xo‘rozqand ham olib berasizmi? – maydalab so‘rashda davom etdi Omon.

– Olib beraman, toychog‘im. Bibi Robiyaga ham olib beramiz.

Opamning oyoqlari ostida pildirab yurgan Robiya qopqora ko‘zlarini chaqnatib:

– Qand? – deb so‘radi.

– Ha, ona qizim, qand olib beraman.

– Menga?

– Ha, senga dilbarim, do‘ppingni to‘ldirib olib beraman… – deb opam engashib Robiyaning lo‘ppi yuzidan cho‘lpillatib o‘pib oldi. Ana shundan keyin Bibirobiya deganlarining kerilganini ko‘rsangiz, ko‘zlarini suzib, lablarini cho‘chchaytirib, kallasini bir tomonga qiyshaytirgancha g‘alati-g‘alati qiliqlar qila boshladi. Opam kim yuz-qo‘lini sovunlab yuvsa, o‘shanga yangi kiyim-bosh olib beraman, degan edi, ukalarim oldin men yuvinaman deb obdasta talashib, naq bo‘lmasa mushtlashib ketishayozdi. Bir mahal bunday qarasam, bir oydan buyon betiga suv tegmagan Sultonboy mol paqirga suv to‘ldirib olib chapillatib bo‘ynini yuvib, atrofga suv purkab yotibdi.

Nonushtaga sut pishirib ichdikda, tezdan bozorga jo‘nab ketdik. Sulton Omon ukamni, men Robiyani ko‘tarib olganmiz, Zulayhoning qo‘lida yog‘cheva, Usmonda tugun, yugurishimizni ko‘rsangiz, tezroq bozorga yetsag-u, tezroq yangi-yangi kiyim-boshlarni oldirib bir birimizga ko‘z-ko‘z qilsak deymiz.

Bozor joyga odam sig‘maydi, nima balo, hammasi ham bugun ko‘ylak-ishton olgani kelganmi? Bir-biriga yo‘l bermaydi-ya! Bir tomonda bo‘z, qalami bozori, bir tomonda meva-cheva bozori, don bozori, un bozori… Mis choynag-u piyola sotgan kim, eski etik charm tasma sotgan kim, bir xillari uncha-muncha tutilgan kigiz-u u yoq-bu yog‘i yirtilgan gilamini yozib xaridor kutayapti, bir xillar chala qoplangan ko‘rpasini ko‘z-ko‘zlab xaridorning etagidan tortyapti.

– Kep qoling, qand-u novvot bu! – deydi nisholdafurush oppoq ko‘pikni shopirib.

– Yarmi asal, yarmi qand, – deydi pishirilgan qizilcha sotayotgan men tengi bir bola.

– Hoy, sizda insof bormi?

– Hozir odamlarda insof qoptimi?

– Voydod, cho‘ntagimni kesib ketishyapti!

– Qoch, yog‘ bo‘lasan!

– O‘g‘limga atab tikkandim, jon inim, shuni siz oling!

– Sizda oq rang bormi?

– Tovba, oq rang ham bo‘ladimi dunyoda?

– Qo‘shnim aytuvdi.

– Sizni laqillatibdi.

– Essizgina echkim-a, yuz so‘m arzon ketdi-ya!

– Olmacha anoringga balli!.. Kimga patefon kerak?

– Katta buvingga olib bor!

– Kalamush fol ochayotgan emish, qo‘shni.

– Voy yuring, Olimjonni ko‘rsataylik ovsin.

– Bir qop sabziga bir kilo guruch olsam-a.

– Guruch qayerda bor ekan?

– Paranjingni yig‘ishtirsang-chi!

– Tort eshagingni! – degan baland ovozlar ham hech to‘xtamaydi. Bozor guvillaydi, bamisoli uzumzorga yaloq qush qo‘ngandek hamma yoq chag‘-chug‘. Tiqilinchda yo‘qolishib qolmaylik deb xuddi «qoch bolam, soy keldi» o‘yinini o‘ynayotgandek bir-birimizning etagimizdan ushlashib olganmiz. Boshida opam, oxirida men, o‘rtada besh bola. Bir xillar:

– Hammasi o‘zingiznikimi? – deb so‘raydi.

– Xudoga shukur, o‘zimniki! – deb qo‘yadi opam. Yana bir xillari:

– Oxir zamonning bolalari, uyda o‘tirsanglar bo‘lmaydimi! – deb turtib o‘tib ketadi.

Opam MTSdan bir yo‘la uch oylik maoshini, uch oylik mukofotini ham qo‘shib, naq bir xurjun pul olgan ekan, hammamizga boshdan-oyoq sarpo olib berdi, kiyimboshining eng chiroylisi Sultonga tegdi: yurganda g‘archg‘urch ovoz chiqaradigan xirom etikcha, ko‘k trinkadan it yoqa qilib tikilgan ko‘ylak pochasi keng shim, chamanda gul do‘ppi… Xoh ko‘ring, xoh ko‘rmang xuddi go‘shangaga kirib ketayotgan kuyov bolaning o‘zginasi bo‘lib qoldi.

– Bo‘yginangdan o‘rgilay! – deb qo‘ydi opamning o‘zi ham suyunib.

Zulayho bo‘lsa… o‘zi qiz bolalarning hammasi ham shunaqa bo‘ladimi yoki bu sal boshqacharoq chiqdimi, tovba qildim-ey, opam ikkovimizni naq bir soat qiynasaya! Bo‘z ko‘ylak kiymas emishlar, yo gulli batis, yoki rohatibadan oldirarmishlar, obbo! Idish-tovoq yuvishni bilmay uzzukun yig‘lab o‘tiradi-yu, nozi firoqlarini qarang! Oxiri u ham aytganini oldirdi. Bodom gulli ko‘k farang ko‘ylak amirkon maxsi-kalish, zar do‘ppi…

– Mana endi Mahmudxon bilan qo‘l ushlashib xohladimga borsalaring ham bo‘laveradi! – deb jig‘iga tegdi Sulton. Ammo Zulayho ham bo‘sh kelmay: «O‘zingchi, o‘zing, o‘zing ham Saddiniso bilan xohladimga borarsan» dedi boshlarini g‘alati silkitib.

Bozordan chiqayotganimizda:

– Opa, o‘zingizga hech narsa olmadingiz-ku? – deb so‘radim.

– Sizlarning kiyganlaring meni kiyganim, – deb qo‘ydi opam. Darvoza oldida har xil pishirilgan taomlar qatori no‘xatsho‘rak ham sotishayotgan ekan, mana shu yerdan Omonni olib o‘tishning hech iloji bo‘lmadi. Bir tovoq nisholda olib choyxonada bug‘doy non bilan mazza qilib yeb, issiq-issiq choy ichib sal isinib ham olmoqchi edik. Omon nisholda yesam qornim og‘riydi deb yerga o‘tirib oldi, yesak yeya qolaylik deya no‘xatsho‘rak solingan tog‘ora atrofiga davra qurdik. O‘zi tortib yegan narsangga qorin to‘ymas ekan, sotuvchi ayol jag‘i-jag‘iga tegmay javrab, aylanay-aylanay deb tortib beryapti, biz tushirib turibmiz, tortib beryapti… bir mahal bunday qarasak bir tog‘ora no‘xatsho‘rakni pok-pokiza tushirib qo‘yibmiz.

– Puli qancha bo‘ladi? – o‘rnidan turib so‘radi opam.

– Ot bilan tuya bo‘larmidi, aylanay, – dedi sotuvchi xotin sal mujmalroq qilib.

– Qancha deyapman? – negadir jerkib so‘radi opam.

– Uch yuz so‘m bera qoling, aylanay.

Opam gilam xurjunning ko‘zidan uchta yuz so‘mlik chiqarib berdi. Endi bitmagan yana bitta ishimiz qoldi! – otamga jo‘natish uchun hammamiz rasmga tushmoqchimiz.

Rasmxona yog‘och bozorining orqasida ekan, so‘roqlay-so‘roqlay arang topdik borsak bizga o‘xshab rasmini otasiga jo‘natish uchun kelganlar navbat kutayotgan ekan. Navbatimiz yetgach, bir ko‘ziga qora lenta taqib olgan sochi jingalak odam bizni ichkariga, g‘alati narsalarning hidi kelib turgan pastakkina uyga taklif qildi. O‘rtaga opam, ikki yoniga Sulton ikkovimiz turdik ukalarim yerga o‘tirishdi, rasm oladigan apparati juda qo‘rqinchli ekan: yerga tiralgan uchta yog‘och oyog‘i teppasiga patefonning qutisiga o‘xshash yashikcha o‘rnatilgan, qutichaning yonboshida non yopadigan yengchaga o‘xshash bir narsa xunuk osilib turibdi. Qutichaning old tomonida kattaligi piyolacha keladigan ko‘zi ham bor ekan. Bir ko‘zli suratchi boshiga qora choyshab yopib apparatning vahimali ko‘zini bizga to‘g‘rilayotgan edi, halidan buyon dag‘-dag‘ qaltirab o‘tirgan Omon:

– Otajon, – deb sakrab o‘rnidan turdi-da, o‘zini ko‘chaga urdi. Ketidan miltiqning o‘qidek otilib Usmon ham chiqib ketdi… ana xolos, bu yog‘i endi necha puldan tushdi! Koshki bu Omon deganlarga yetib bo‘lsa, bir qochishga tushsa bormi, hurkak kiyikning o‘zginasi deysiz – tog‘dan-toqqa sakraydi u. Ikkovlarini ushlab kelguncha Sulton bilan men qora terga botib ketdik lekin, bari bir suratga tushirib bo‘lmadi, ularni, ikkovi ham dodlab, tepinib, hamma yog‘imizni tishlab uzib olishdi…

Suratga o‘zimiz tushib, MTSga jo‘nadik. Direktor opam tengi bir ayol ekan, Usmon bilan Omonning hiqqilab turganini ko‘rib:

– Karomatxon, nega bularni xafa qilib qo‘ydingiz? – deb so‘radi. Opam bo‘lgan voqeani aytib bergan edi, direktor opa xandon otib kuldi, yoshligimda men bir shunaqa bo‘luvdim, tog‘dan-toqqa qochuvdim deb ichkaridan bir hovuch dandon qand olib chiqdi-da, hammamizga ulashib berdi.

Opam minayotgan traktorning allaqaysi joyi buzilib qolgan ekan, ertaga, uzog‘i bilan indinga ertalab o‘zgartirib jo‘nataman, dedi direktor opa.

Shu gapdan keyin dala yo‘li bilan uyga jo‘nab ketdik. Xiyol o‘tmay, haligi suratxona oldidagi dilsiyohlikni unutib, tezroq qishloqqa yetib borib, o‘rtoqlarmizga yangi kiyim-boshlarimizni ko‘z-ko‘zlash ishtiyoqida yonib bir-birimizni ortda qoldirib keta boshladik ayniqsa, Sulton o‘zida yo‘q shod edi, o‘zicha Bog‘ aro qo‘ysam qadam, gulg‘uncha qolmay xandadir» deb ashula aytib boryapti, sog‘iga piston qadalgan etikchasini ko‘z-ko‘zlab chopqillab oldinga o‘tib ketgan Omon:

– Opa, bitta she’r o‘qib beraymi? – deb so‘radi.

– O‘zing to‘qiganmisan?

– O‘zim to‘qiganman.

– Qani, qani eshitaylik-chi.

Omon ikki qo‘lini biqiniga tirab, boshini bir tomonga xiyol qiyshaytirgancha ko‘zlarini chaqnatib:

 
Pista sotar baqqolman,
O‘zim echki soqolman,
Nasiyaga mol bersam,
Tong otguncha o‘larman.
 

– deya she’r o‘qiy boshladi. Opam yurishdan to‘xtab, xuddi qo‘rqib ketgandek ko‘zlarini katta-katta ochib:

– Voy o‘g‘lim, boqqol buvang eshitib qolsa nima qilamiz? – deb so‘radi.

– Nega bo‘lmasa qurutidan bermaydi?

– Qurutidan bermagani uchun masxaralab she’r o‘qidingmi?

 
– Qurutiga qurt tushsin,
Soqoliga bit tushsin,
Holsidan bermasa,
Omboriga o‘t tushsin
 

– deb Omon yana irg‘ishlay boshladi. Opam Omonni ushlab bag‘riga bosmoqchi bo‘luvdi, ukam qiyqirib qochishga tushdi.

Boshqa ukalarim uni quvlab ketishdi.

SUMALAK, SUMALAK, JON SUMALAK!

Kechqurun To‘xta xolamning hovlisi xoh ko‘ring, xoh ko‘rmang, xuddi sayilgohga aylanib ketdi. Hovlining qoq o‘rtasiga katta o‘choq kovlab, qirq quloqlik dosh qozonga sumalak solishgan, sumalak biqirlab qaynab turibdi. Biz mahallaning jamiki bolalari bo‘lsak hovlida goh u yoqqa, goh bu yoqqa yugurishib kun bo‘yi ovora bo‘lib tayyorlagan kurakchalarimizni bir-birimizga ko‘z-ko‘z qilishib, ur-to‘polon qilib yuribmiz.

– Hoy, qoqvoshlar, birpas ko‘chaga chiqsanglar-chi! – deb katta kaltakni olib quvlab qoladi To‘xta xolam.

– Sumalak, sumalak, jon sumalak! – deb sakray boshlaydi Akrom bilag‘on.

– Qorni ochga non sumalak – jo‘r bo‘ladi Mahmudxon.

– Joni yo‘qqa jon sumalak! – deydi yana bittasi irg‘ishlab.

Shundan keyin To‘xta xolam butunlay tutoqib ketgandek bo‘ladi. «Senlarni ushlab, terilaringga somon tiqmasammi» deb uzun yenglarini shimarib, ko‘ylagining etagini sal yuqori ko‘tarib quvlashga tushadi. Bilasizku, bunaqangi paytda biz echkidan ham shaytonroq bo‘lib ketamiz: birimiz devordan, birimiz quradan, yana bittamiz eshikning boshidan oshib ko‘chaga chiqib ketamiz…

Ko‘chaga chiqsak qizlar guruh-guruhlarga bo‘linib «Lapta», «To‘p urar», «Qoch bolam, soy keldi» singari o‘yinlarni o‘ynashayotgan ekan. Guruhlarga o‘zimizni urib, qizlarni bir qiyqiratib oldik-da, o‘zimiz ham biron o‘yin boshlash payiga tushib qoldik:

– Besh bolali, ke, bov ustiga bov o‘ynaymiz! – taklif qilib qoldi Hayitkalla.

– Boshladik! – dedim ko‘chaning sertuproq joyiga yugurib. Bunaqangi o‘yinni hech o‘ynaganmisiz! Oh-oh, juda gashtli bo‘ladi-da, uch-to‘rtta baquvvat-baquvvat bola o‘rtaga turib oladi, o‘nlab mayda-chuyda chuldirvoqilar ularga tashlanib yiqitmoqchi bo‘lishadi, goh chuldirvoqilar ularni yiqitgan bo‘ladi, goh haligi baquvvatlar chuldirvoqilarni bosib olgan bo‘ladi.

– Bos!

– Ustiga min!

– Oyog‘idan tort!

– Ur-re, biz yengdik! – degan qiyqiriqlar eshitilib turadi.

O‘ziyam o‘tgan yilgi sumalakdan buyon bunaqangi ko‘p bola to‘planmagan, o‘yin ham shu bugungidaqangi qizimagan edi. Bov ustiga bov o‘ynab charchagach, «Eshak mindi»ga o‘tdik ketidan «G‘itting-bitting» degan bir o‘yinni boshlab yubordik. Endi, nimasini aytsam ekan, qiziqdikda aslida bunga teng keladigan o‘yin yo‘q dunyoda. Bir bolaning yelkasiga minib, oyoqlaringni ko‘kragiga tashlab, qorning bilan chekkasiga suyanib olasan. O‘n metr narida ikkinchi bola ham shunday qilib turgan bo‘ladi, tepada turgan bola;

– G‘itting! – deya do‘ppisini narigi bolaga otadi, narigi bola ilib olsa:

– Bitting! – deya egasiga qaytaradi. Do‘ppining egasi ilolmasa yutqazgan bo‘ladi, sherigi bilan o‘rin almashtirib oladi.

Men Hayitkallaning yelkasiga bahuzur minib olib, endi mazza qilayotgan edim, ichkaridan hovliqqancha Usmon chiqib: «Tez yur, opam chaqiryapti» deb oyog‘imdan tortqilay boshladi.

– Nima ishi bor ekan? – dedim jerkib.

– Robinisani uxlatolmayapti, – tushuntirdi ukam. Shu Robinisa juda qiziq bola bo‘ldi-da, uyqusi kelib qolsa tuqqan opasi u yoqda qolib, mening tizzamga bosh qo‘ymaguncha uxlay olmaydi deng.

– Ha, katta xola, bolang yig‘lab qoptimi? – deb mazax qildi Hayitkalla.

– Ha, ha, yig‘layverib kallasi pishib ketganga o‘xshaydi, – dedim men ham bo‘sh kelmay.

Ichkari kirsam chindan ham jajji singlim yig‘layverib ko‘karib ketibdi, opam bechora menga ko‘zi tushishi bilan:

– Orifjon, buningni o‘zing tinchit, jon bolam, – deb yolvordi.

Robinisani qo‘limga olib lu-lu-lu qilganimcha o‘choq boshiga bordim. To‘g‘ridagi uyda To‘xta xolamga o‘xshagan yigirma chog‘li kampir-u, amma-buvilar yig‘ilishib olib, savobi urushga ketgan o‘g‘illarimizga tegsin, eson-omon qaytib kelishsin, deb «Mushkulkushod» o‘qishyapti. Otinbibi xolam sal g‘amginroq, lekin shirali ovoz bilan xuddi allakimga yolvorgandek nola qilib:

 
Salli olo saodat,
Har kim aytsa bir soat,
Duo bo‘lgay ijobat,
Lo iloho illo anta…
 

deb men tushunmaydigan g‘alati-g‘alati she’rlar o‘qiyapti. Amma-buvilar uning g‘amgin, qaltiroq ovoziga hamohang chayqalishib, har zamonda:

– Huvvv! – deb yig‘lab qo‘yishadi.

Otinbibi xolam sumalak qanday kelib chiqqanini ham gapira boshladi, ilgarigi zamonda Bibifotima degan bitta ayol, o‘zi juda obro‘li odamning xotini bo‘lishiga qaramay, bexad kambag‘al bo‘lganidan bolalariga ovqat topib berolmay qozonga tosh bilan ko‘k o‘t solib qaynata boshlabdi. Bir mahal bunday qarasa, shu sumalak pishib qolgan emish, ko‘zini kattaroq ochib qarasa, o‘choq boshida seyimalak ya’ni o‘ttizta farishta o‘tirgan emish.

– Huvvv! – yig‘lab yuborishdi yana amma-buvilar.

Xullas, bu sumalak deganlari xudoyi taoloning taomi emish, kimda-kim pishirib, yaxshi niyat bilan yalasa niyatiga yetarmish, bitta yetim qiz shu sumalak tufayli naq podshoning o‘g‘liga erga tegib olgan emish.

– Huvvv! – degan ovoz eshitildi yana ichkaridan. Mana shunaqangi gaplardan eshitib, mazza qilib o‘tiraverar edim-u, ammo Robinisa tizzamda uxlab, yuk bosib oyoqlarim uvishib qoldi.

Jajji singlimni uyimizga yotqizib chiqdim. Yotqizib chiqqanimni opamga aytib qo‘yishim kerak edi. Opam bo‘lsa, kampirlarning orasida ko‘rinmayapti. To‘xta xolamlarning hovlisi, sizga aytuvdim shekilli, ichkaritashqarili, sumalak tashqarida pishyapti, «diydiyo»ni ham shu yerda o‘qishyapti, ichkari hovliga o‘tdim… O‘hho‘, ishning kattasi bu yoqda ekan-ku!

Parpi buvam chekkaroqdagi pastakkina uychada butun dunyoni unutib shaq-shuq moki otib, bo‘z to‘qiyapti, uning sumalak bilan ham, podshoning o‘g‘liga tegib olgan yetimcha qiz bilan ham ishi yo‘q, faqat bo‘zini tezroq to‘qib, pulini ko‘paytirib, Meli boqqoldan olgan qarzini tezroq to‘lasa bo‘lgani! Beriroqda bo‘l-sa… hali aytganimdek ishlar gumbir! O‘ttiz chog‘li qiz-u juvonlar to‘planishib, yaxshi qizdirilmagan childirmani dapir-dupur urishib o‘yin qilishyapti. Opam davraning o‘rtasida, galma-galdan qizlarni o‘yinga tortib:

– Hoy, yosh narsa kimdan uyalasan, – deb tanbeh ham beryapti.

– Karomatxon, o‘zingiz ham bir o‘ynab bering, – taklif qilib qoldi ayollardan biri.

– Ha-ha, o‘zlariyam o‘ynasin.

– O‘rtadan chiqarmanglar, – deya qiz-u juvonlar opamni davradan chiqarishmay, o‘ynab bermaguningizcha javob bermaymiz, deb turib olishdi. Opam qo‘llarini o‘yinga moslab bir ko‘tardi-yu, bir oz o‘ylanib turgach, «Yo‘q, bo‘lmaydi» deya kulib yubordi. Qiz-juvonlar qiyqirishib talab qila boshlashdi.

– Qani, Shahrixon, chal bo‘lmasa! – nihoyat rozi bo‘ldi opam.

– Nimaga chalay, opajon?

– Bilganingga chalaver.

– Dilxirojga chalaymi?

– Maylin.

Voy tavba, men bilmas ekanman, opam biram chiroyli, biram ta’sirli o‘ynarkanki, hammalarini mahliyo qilib qo‘ydi-ya! Lekin qiziq, men uyalganimdanmi, negadir g‘ashim kelib qitig‘im ham kelayotganga o‘xshab ketdim. Endigina tashqariga chiqib ketaman deb turuvdim, opam taqqa to‘xtab:

– Qarib qolibman, Mo‘tabar, – deb chuqur-chuqur nafas ola boshladi.

– Voy, biram yaxshi o‘ynayotuvdingizki, – dedi Mo‘tabar xolam, – endi Sojidani tortinglar!

Boshqalar ham Sojidani torting, ashulasi bilan o‘ynasin, o‘zi to‘qigan ashulasi bor, o‘shani bir eshitaylik deb talab qilishdi. Sojida opam ko‘pam talashib-tortishib o‘tirmadi, shoshilib o‘rtaga chiqdi-yu, qo‘ying-e, uyalaman, deb ikki kafti bilan yuzini berkitib oldi, lekin darrov qo‘llarini yuzidan olib:

– Ashulasiniyam aytaymi? – deb so‘radi qiz-u juvonlardan.

– Voy, o‘shanisiga ishqivozmiz-da, qoqindiq! – deb qo‘ydi Mo‘tabar xolam.

Childirmachi ohang boshladi. Sojida opam yo‘rg‘alab o‘ynab ketdi. U mening opamga qaraganda juda sho‘h juda yengil o‘ynarkan, o‘ynab-o‘ynab davra o‘rtasida to‘xtadi-da, ashula boshlab yubordi:

 
Urushga ketgan akam,
G‘azotga ketgan akam,
Onamizni yig‘latib,
Xatni kam bitgan akam!
 

– Tilingga novvot!

– Jonim fido, qoqindiq!

– Akalarini sog‘ingan-da, – deb pichirlashib oldi ayollar. Sojida opam kuylab o‘ynashda davom etdi:

 
– Osmondagi qarchig‘ay,
Sen bilan birga ketay.
Onam salom aytdilar,
Akamga tez yetkazay.
 
 
Qarib qoldilar dadam,
Hassasiz bosmas qadam.
Arslonim qayda deb,
Yig‘lab olar damba-dam.
 
 
Dadam qilich bersinlar,
Dalda, kuch ham bersinlar.
Uring, savang yovlarni,
Onam xivich bersinlar.
 

Qiziq, men shu paytda negadir otamni eslab ketdim. Biz bu yerda sumalak pishirib, eshak mindi o‘ynab, raqslar tomosha qilib o‘tiribmiz, otam-chi, u qayerda ekan hozir? Ehtimol sovuq okopda dildirab o‘tirib o‘y surayotgandir. Yoki pulemyotni sudrab hujumga o‘tishdimikan, bizdan borgan xatni o‘qitishga odam topolmay, okopma-okop sudralib yurgan bo‘lsa-ya… Otam, otajonim…

Ko‘chada o‘ynayotgan bolalar ham xuddi bir narsadan quruq qolgandek yopirilib kelib qolishdi. Parpi buvam ham ishini to‘xtatib ashula eshitgani chiqdi. Sojida opam bo‘lsa xuddi allakimning qarshisiga o‘tirib olib yiglayotgandek hamon kuylashda davom etyapti:

 
Soyimizda qunduz bor,
Boshimizda yulduz bor.
Omon qayting akajon,
Sizni kutgan bir qiz bor.
 
 
Ariq, bo‘yida rayhon,
Sizni kutgan Sanamxon.
Aka unga xat yozing,
Yuragi to‘la armon.
 
 
Osmondagi oy bo‘lay,
Gijinglagan toy bo‘lay.
Aka, qiring dushmanni,
Sizga o‘q-u yoy bo‘lay
 
 
Daraxt ekdim bog‘ bo‘ldi.
Qovjirab yantog‘ bo‘ldi.
Tezroq qayting akajon,
Yuragim adog‘ bo‘ldi…
 

Ashula hammadan ko‘ra ham Parpi buvamga qattiq ta’sir qilganga o‘xshaydi.

– E parvardigori olam, – deya chuqur xo‘rsinib qo‘ydi. Opamning ko‘zida ham yiltillab yosh tomchilari ko‘ringanday bo‘ldi. Mo‘tabar xolam yig‘lab yubordi, ashula tugashi bilan:

– Omon bo‘ling, Sojidaxon!

– Dilimdagini to‘qibsan, o‘rtoqjon.

– Hoy o‘rtoq, so‘zini yozib bersang-chi, – deyishib, qiz-u juvonlar Sojida opamni xuddi armiyadan cho‘loq bo‘lib qaytgan soldatni o‘rtaga olgandek har tomondan qurshab olishdi. Xuddi shu paytda tashqari hovlidan ayol kishining vahimali dodlagani, kampirlarning qiy-chuvi eshitilib qoldi, hamma o‘zini o‘sha yoqqa urdi. Sumalak pishayotgan katta o‘choqqa o‘t qalab o‘tirgan Qumri opam shaytonlab qolganga o‘xshaydi, yuziga suv sochib o‘ziga keltirishyapti, yuragi tezroq joyiga tushsin deb bir piyola muzdekkina suv ham ichirib yuborishdi.

– Nima bo‘ldi, qizim? – so‘radi To‘xta xolam.

– Voy xolajon, – entikkanidan Qumri xolam yana gapirolmay qoldi.

– Hoy, o‘zingizni qo‘lga olsangiz-chi! – urishib berdi Otinbibi xola.

– Ana qozonda!

– Nima qozonda?

– O‘sha, o‘sha!

– Nima axir o‘sha?

– Avval, xolajon, osmon-u falakda, bulutlarning ostida oppoq qushga o‘xshagan bir narsa ko‘rindi, keyin qanotlarini yozgancha asta-asta pasayib kelaverdi… mana shu hovlining ustiga kelganda… voy xudoyim!

Бесплатный фрагмент закончился.

113,16 ₽
Возрастное ограничение:
0+
Дата выхода на Литрес:
03 ноября 2023
ISBN:
978-9943-08-835-1
Правообладатель:
Kitobxon

С этой книгой читают