Читайте только на ЛитРес

Книгу нельзя скачать файлом, но можно читать в нашем приложении или онлайн на сайте.

Читать книгу: «Капитан Грант болалари», страница 7

Шрифт:

Havo yaxshi bo‘lgani uchun ekspeditsiyaning barcha ishtirokchilari, hatto Robert ham, o‘zlarini juda yaxshi his qilardilar. Hamon bu sayohat shunchalik yaxshi boshlangan ekan, uning yaxshi natijalar bilan tugashiga umid qilaverish kerak edi.

Ertasiga yana shitob bilan yo‘l bosib, eson-omon Rio-Bell ostonalaridan o‘tdilar, kechqurun ispan Chilisi bilan mustaqil Chilini bir-biridan ajratib turadigan chegara – Rio-Biobio daryosi qirg‘og‘ida to‘xtashganida Glenarvan ekspeditsiya yana o‘ttiz besh mil yo‘l bosdi, deb yo‘l daftariga yozib qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Tevarak-atrofda o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. O‘lka juda serhosil bo‘lib, atrofda juda ko‘p amarilislar, binafsha daraxtlari, bangidevona va tilla rang gul ochib kaktuslar o‘sib yotardi. Chakalaklarda allaqanday yirtqich hayvonlar yashirinib yurar, ular orasida otselot – yovvoyi mushuklar ko‘rinib qolardi. Qushlar ko‘p emas edi: goh-gohida biror qarqara, boyqush yoki lochin changaliga tushib qolmaslik uchun qochib ketayotgan mayna yo chomga ko‘rinib qolar edi. Yerli xalq deyarlik uchramadi. Ahyon-ahyonda hindular bilan ispanlarning qoni aralashib dunyoga kelgan biror guassos yalang oyog‘iga taqib olgan katta shporni otining qonab ketgan biqiniga niqtab, soyadek lip etib o‘tib qolardi. Yo‘lda ekspeditsiyani qiziqtirgan masalada surishtirib biror narsa bilsa bo‘lguday hech jon uchramadi. Lekin Glenarvan bunga ko‘nikib qoldi. U kapitan Grantni asir qilgan hindular uni Kordiler tog‘ining narigi tomoniga olib o‘tib ketganlar, demak, uni qidirish ishlari tog‘ning bu tomonida emas, balki pampaslarda natija beradi, deb o‘zini ishontirishga tirishar edi. Demak hozircha sabr qilish va tez sur’atlar bilan yo‘l bosish kerak.

17-oktabrda odatdagi vaqtda va odatdagi tartib bilan yo‘lga chiqdilar. Robert uchun bu tartibni saqlab yurish qiyin edi. Tinib-tinchimagan bola o‘z xachirini haydab hadeb madriladan oldinga o‘tib ketmoqchi bo‘lar, faqat Glenarvanning jiddiy qichqirishigina uni qaytarib qolardi.

Atrof o‘z tekisligini yo‘qota bordi. Tez-tez uchrab turgan adirlar va sharillab oqayotgan riolar, ya’ni soylar tog‘ning yaqinligidan darak berardi. Paganel tez-tez kartaga qarar, yo‘lda uchragan soylardan birontasi kartaga tushirilmagan bo‘lsa – bunday hol esa ko‘p uchrab turardi – geografiya olimining qoni qaynab, xunobi oshib ketardi.

‒ Oti yo‘q soyning huquqsiz odamdan hech farqi yo‘q! – derdi u, jahli chiqib. – Geografiya qonuni uchun u yo‘q narsa.

Shu sababga ko‘ra olimimiz ismsiz soylarga hech tortinmay ot qo‘yar, qo‘yganda ham juda jarangdor qilib ispancha ism qo‘yardi-da, darhol qo‘lidagi kartaga kiritardi.

‒ Zap til ekan-da! – deb takrorlar edi Paganel. – Juda ham ohangdor va jarangli-a! Xuddi metalldan quyilganga o‘xshaydi! Imonim komilki, bu tilning tarkibi qo‘ng‘iroq quyiladigan bronzaga o‘xshash, yetmish sakkiz qismi mis-u yigirma ikki qismigina qalayi.

‒ Lekin o‘zingiz ispan tilini o‘rganyapsizmi? – deb so‘radi Glenarvan.

‒ Bo‘lmasam-chi. Faqat talaffuzimning mazasi yo‘q! Shunisi chatoq!

Shundan keyin Paganel sira ruxini tushirmay ovozini baland qo‘yib, ispan tilining talaffuzi bilan kurashishga tushib ketar, lekin bu geografik kuzatishlar olib borishiga sira xalaqit bermas edi. Bu sohada u hayron qolar darajada kuchli bo‘lib, albatta, bu borada hech kim uning oldiga tusha olmasdi. Glenarvan bu o‘lkaning biror xususiyati to‘g‘risida katapatsdan biron narsa so‘rab qolguday bo‘lsa, geografiya olimi, doim yo‘l boshlovchidan ilgariroq javob berar edi. Katapats unga juda hayron bo‘lib qarardi.

Shu kuni kunduz soat ikkilarda otryad allaqanday bir yo‘lni kesib o‘tdi. Tabiiyki, Glenarvan katapatsdan bu yo‘lning nomini so‘radi, xuddu shunday tabiiy ravishda unga Jak Paganel javob berdi:

‒ Bu Yumbeldan Los-Anjelosga olib boradigan yo‘l.

Glenarvan katapatsga qaradi.

‒ To‘ppa-to‘g‘ri, – deb tasdiqladi katapats, so‘ng geografdan so‘radi: – demak, siz bu yerlardan o‘tgan ekansiz-da?

‒ Albatta! – deb javob berdi Paganel tamomila jiddiy.

‒ Xachirdami?

‒ Yo‘q, kresloda.

Katapats uning gapiga tushunmadi shekilli, yelkasini qisib qo‘ydi-da, otryad boshidagi o‘z joyiga ketdi.

Kechqurun soat beshda Loxa shaharidan bir necha mil naridagi u qadar chuqur bo‘lmagan bir darada tunashga to‘xtadilar. Bu kechani sayohatchilar serra etaklarida, ya’ni Kordiler tog‘larining dastlabki pog‘onalaridan birida o‘tkazdilar.

O‘n ikkinchi bob
O‘N IKKI MING FUT BALANDLIKDA

Chilidan o‘tishda safar shu paytgacha hech qanday qiyinchiliksiz davom etdi. Lekin endi tog‘ sayohati bilan bog‘liq bo‘lgan barcha qiyinchiliklar va xavflar bir yo‘la uchray boshlashi kerak edi. Tabiiy qiyinchiliklar bilan kurash boshlanmoqda edi.

Yo‘lga chiqishdan oldin muhim bir qarorga kelish, ya’ni keyinchalik belgilangan yo‘ldan og‘ib ketmaslik uchun Kordilerdan qaysi yo‘l bilan oshib o‘tishlarini aniqlab olish kerak edi. Katapatsning fikrini so‘rashdi.

‒ Men Kordilerning bu qismida xachir bilan o‘tish mumkin bo‘lgan faqat ikkita dovonni bilaman, – deb javob berdi u.

‒ Siz Valdivia Mendosa ochgan Arika dovonini nazarda tutyapsiz, shundaymi? – deb so‘radi Paganel.

‒ Ha.

‒ Ikkinchisi, Viarika dovoni to‘g‘rimi?

‒ To‘ppa-to‘g‘ri.

Lekin bu dovonlarning bittasi ham bizga to‘g‘ri kelmaydi, do‘stim, nega desangiz ulardan biri bizning yo‘limizdan ancha shimolda, ikkinchisi esa ancha janubda.

‒ O‘zingiz boshqa bir yo‘l ko‘rsatolmaysizmi? – deb so‘radi mayor geografiya olimidan.

‒ Ko‘rsata olaman, – dedi Paganel, – men Antuko vulqoni yonidan o‘tadigan 37°3’ janubiy kenglikdagi yo‘lni nazarda tutaman, u bizning yo‘limizdan taxminan yarim graduscha chetdan o‘tadi. Yana tag‘in, u nihoyati yetti ming fut balandlikdan o‘tadi.

‒ Juda soz! – dedi Glenarvan. – Katapats, siz ham bu dovonni bilasizmi?

‒ Ha, bu dovondan bir o‘tgan edim, lekin bu yo‘l tog‘ning sharqiy yonbag‘ridan hind cho‘ponlari poda haydab o‘tadigan yolg‘izoyoq so‘qmoq yo‘l bo‘lgani uchun indamagan edim.

‒ Hechqisi yo‘q, do‘stim, – dedi Glenarvan, – yilqi, ho‘kiz va qo‘y podalari o‘ta olgan joydan biz ham o‘tamiz. Rostki u yo‘l bizni o‘ttiz yettinchi paralleldan olib yuradimi, o‘sha yo‘ldan bormog‘imiz kerak.

Darhol yo‘lga chiqish uchun signal berildi, otryad katta-katta ohak toshlar orasidan yurib, Las-Laxas vodiysiga kirib ketdi. Yo‘l sezilar-sezilmas ko‘tarila borardi. Ertalab soat o‘n birlarda kichikroq bir ko‘lni aylanib o‘tishga to‘g‘ri keldi. Bu tabiiy suv ombori go‘yo bir-biriga hamma qo‘shni daryochalarning va’dalashib uchrashadigan joyi edi: ular shildirab oqib kelib, musaffo ko‘l suvida jimgina qovushar edilar. Shu ko‘lning yuqorisidan toqqa qarab lyanoslar, ya’ni hindular mol boqadigan boshoqli o‘simliklar to‘la keng adirlar boshlanar edi. Ko‘p o‘tmay, otryad janub va shimolga cho‘zilib ketgan botqoqlikka duch keldi. U yerdan faqat xachirlarning instinkti soyasidagina eson-omon o‘tib ketdilar. Soat birga borib, Ballenare qal’asi ko‘rindi, baland qoya ustida qad ko‘targan bu qal’aning yarim xaroba devorlari cho‘qqiga kiygizilgan tojga o‘xshab turardi. Otryad qoya yonidan o‘tib ketdi. Yo‘l tik tosh yo‘lga aylana bordi; xachirlar oyog‘i ostidan ko‘chgan tosh suron ko‘tarib, pastga otilar edi. Soat uchlarda 1770-yil qo‘zg‘oloni vaqtida vayron qilingan boshqa bir qal’aning xushmanzara xarobalari ko‘rindi.

Shu yerdan boshlab yo‘l qiyingina emas, hatto xavfli bo‘lib qoldi. U tobora tikkalashib, jarliklar chuqurlashib, ular yoqasidan o‘tgan so‘qmoq tobora torayib bordi. Xachirlar boshini egib, yo‘lini hidlab-hidlab, ehtiyot bilan ilgarilab borar edilar. Oldinma-ketin tizilib borishar edi. Ba’zida oldinda ketayotgan madrila tik muyulishda birdan ko‘zdan g‘oyib bo‘lardi, bunday paytda kichkina karvon uning uzoqdan eshitayotgan qo‘ng‘iroq tovushiga qarab boraverar edi. Ko‘pincha ilon izi bo‘lib ketgan so‘qmoq bo‘linib ketar, ikki qator bo‘lib yurishga imkon tug‘ilardi, shunday paytlarda katapats kengligi nihoyati ikki sajen56 chiqar-chiqmas, lekin chuqurligi ikki yuz sajen keladigan o‘tib bo‘lmas o‘pqon osha o‘z peonlari bilan gaplashib borardi.

Bu yerlarda o‘t hali toshga so‘z bermay, ular orasidan chiqib o‘sib yotar, lekin hademay minerallar dunyosi o‘simlik olami ustidan g‘alaba qilajagi sezilib turardi. Antuko vulqonining yaqinligi goh unda, goh bunda ko‘zga chalinib qolayotgan, ninasimon sariq kristallar bilan qoplanib, qotib qolgan temir rangli lava oqimidan sezilib turardi. Biri ustiga biri mingashib ketgan qoya toshlar muvozanat qonuniga xilof ravishda o‘z joyidan qimirlamay turar, mana hozir ustlaridan bosib tushadiganday ko‘rinardi. Yer qimirlash paytida bu yerlar o‘z qiyofasini osonlik bilan o‘zgartirib yuborishi mumkin edi, albatta. Bir yonga qiyshaygan nayza uchli cho‘qqilarni, gumbazsimon tosh uyumlarini, yonboshlatib qo‘yilgan tepalarni ko‘rganda bu tog‘lik yerlarning hali tamom tashkil topib bitmagani ravshan bo‘lib qolardi.

Bunday sharoitda yo‘lni topib yurish oson ish emas. Kordiler yer osti qatlamining deyarlik tinmay tebratib turishi yo‘lni tez-tez o‘zgartirib yuborar, undagi belgilar ko‘pincha yo‘qolib ketardi. Shuning uchun katapats ikkilanib tez-tez to‘xtab qolardi. U to‘xtab, atrof-tevarakni ko‘zdan kechirar, qoyalarning shakliga diqqat qilar, tez maydalanib ketadigan toshlar orasidan hindularning oyoq izini axtarar edi. Lekin, aftidan, mo‘ljal qilib yo‘l yurishning iloji qolmadi.

Glenarvan yo‘l boshlovchidan ajralmay, qadam-baqadam uning ketidan bordi. Yo‘l yurish qiyinlashgan sari katapatsning ikkilanishi ortayotganini ko‘rib va sezib turardi. U faqat xachirlardagina emas, ehtimol yo‘l boshlovchilarda ham ishonsa bo‘ladigan instinkt bordir degan umidda unga savol bermas edi.

Shu tarzda katapats tavakkaliga yana bir soatcha adashib yurdi, lekin tobora toqqa ko‘tarilaverdi. Nihoyat u to‘xtashga majbur bo‘ldi. Otryad hindular «kebradas» deb ataydigan tor daralardan birining tagida edi. Tik ketgan bir porfir qoya yo‘lni to‘sib qo‘ydi. O‘tib ketish uchun yo‘l axtarib rosa ovora bo‘lgach, katapats xachirdan tushdi-da, qo‘llarini ko‘ksida qovushtirib, payt poylayotganday jim turib qoldi. Glenarvan uning oldiga keldi.

– Adashdingizmi? – deb so‘radi u.

‒ Yo‘q, ser, – deb javob berdi Katapats.

‒ Lekin biz hozir Antuko yo‘lida emasmiz-ku?

‒ Biz shu yo‘ldamiz.

‒ Yanglishayotganingiz yo‘qmi?

‒ Yanglishayotganim yo‘q. Ana hindular yoqqan gulxanning kuli, anavilar esa biya va qo‘y podalari qoldirgan iz.

‒ Demak, ilgari bu yo‘ldan o‘tish mumkin ekan-da?

‒ Ha, o‘tsa bo‘lardi, lekin endi o‘tib bo‘lmaydi: oxirgi yer qimirlash bu yo‘lni o‘tib bo‘lmaydigan qilib berkitib tashlabdi.

‒ Xachirlar o‘ta olmasligi mumkin, lekin odam o‘ta oladi, – deb gap qistirdi mayor.

‒ Bu endi sizning ishingiz, – dedi katapats, – men qo‘limdan kelgan hamma ishni qildim. Agar lozim topsangiz, biz xachirlar bilan orqaga qaytib, Kordilerdan o‘tish mumkin bo‘lgan boshqa yo‘l axtarib ko‘ramiz.

‒ Bu qancha vaqtimizni olishi mumkin?

‒ Kamida uch kun.

Glenarvan bu gaplarga indamay turib quloq soldi. Katapats bo‘yniga olgan majburiyatni halol bajarishga harakat qilayotgani aniq ko‘rinib turardi, lekin uning xachirlari nari borolmasdilar. Katapats orqaga qaytishni taklif qilganda Glenarvan hamrohlariga o‘girilib, so‘radi:

‒ Nima bo‘lsa ham shu yo‘ldan qolmay, safarni davom ettirishga rozimisizlar?

‒ Biz sizdan qolmaymiz, – dedi Tom Ostin.

‒ Hatto sizdan o‘tib ketamiz, – deb qo‘shib qo‘ydi Paganel. – Bunday o‘ylab qaraganda, gap nima to‘g‘rida boryapti? Narigi yonbag‘irning qiyaligi hozir biz turgan tomonning qiyaligiga qaraganda ancha tekis bo‘lgan bir tog‘ tizmasidan oshib o‘tish to‘g‘risida boryapti. Tog‘ning narigi etagiga tushib olgach, biz argentinalik yo‘l boshlovchi – bakeanoslar ham, tekis qirlarda tez yuradigan uchqur otlar ham topib olamiz. Hech qanday ikkilanmasdan, olg‘a!

‒ Olg‘a! – deb uning so‘zini quvvatlashdi Glenarvanning hamrohlari.

‒ Siz ham biz bilan bormaysizmi? – deb so‘radi katapatsdan Glenarvan.

‒ Men xachir haydovchiman, – deb javob berdi katapats. – Ixtiyoringiz.

‒ Usiz ham bir amallaymiz, – dedi Paganel. – Tog‘dan oshib o‘tgach, yana Antuko yo‘lining so‘qmog‘iga tushib olamiz-ku, axir. Eng yaxshi mahalliy yo‘l boshlovchidan ham yaxshiroq yo‘l boshlab, Kordilerning etagiga olib tushish mening bo‘ynimga.

Glenarvan katapatsning haqini to‘ladi-da, peonlari va xachirlari bilan birga unga javob berib yubordi. Qurollar, kerakli asbob-uskuna va bor oziq-ovqatni yetti sayohatchi o‘zaro bo‘lishib oldilar. Darhol yo‘lga tushish va agar kerak bo‘lib qolsa, tunda ham bir necha soat yuqoriga ko‘tarilib borish to‘g‘risida umumiy bir fikrga kelindi. Tog‘ning so‘l yonbag‘rida xachirlar o‘tolmaydigan tik so‘qmoq ilonizi bo‘lib cho‘zilib ketgan edi. Bunday so‘qmoqdan toqqa ko‘tarilish haddan tashqari qiyin bo‘lishiga qaramay, ikki soatli zo‘r berishdan keyin Glenarvan bilan hamrohlari yana Antuko yo‘liga tushib oldilar.


Endi ular Kordiler tizmalariga yaqinlashib qolgan edilar. Lekin atrofda odam bosib o‘tgan yo‘l ko‘rinmas, yaqinda bo‘lib o‘tgan zilzila bu yerlarning qiyofasini tamom o‘zgartirib yuborgan edi, shuning uchun endi tog‘ cho‘qqilariga hech qanday yo‘lsiz ko‘tarilishga to‘g‘ri keldi. Yo‘lning birdan yo‘qolib qolishi Paganelni juda shoshirib qo‘ydi. Balandligi o‘rtacha olganda o‘n bir ming futdan o‘n ikki ming olti yuz futgacha yetadigan Kordiler cho‘qqilari tepasiga yetib olish juda qiyinlashib ketadigan bo‘ldi, deb o‘yladi u. Sayohatchilarning baxtiga, yilning eng yaxshi payti edi: havo tinch, osmonda qilt etgan bulut yo‘q. Qish oylarida – maydan oktabrgacha57 – tog‘ tepasiga chiqish sira mumkin bo‘lmasdi. Qor ko‘chkilari sayohatchilarni halok qilar, ulardan omon qolgan kishilarni esa, yil sayin yangi-yangi qurbonlarni Kordilerdan tagsiz jarlarga otib tashlaydigan rahmsiz temporaleslar (mahalliy bo‘ronlar) yo‘q qilardi.

Sayohatchilar kechasi bilan toqqa ko‘tarilishni davom ettirdilar. Ular goh deyarlik sira chiqib bo‘lmaydigan joylarga tarmashib chiqishlar, goh keng va chuqur yoriqlar ustidan sakrab o‘tib ketishardi. Bunday paytlarda hamrohlarning yelkalari bir-biri uchun zina vazifasini o‘tar, bir-birlariga uzatilgan qo‘llar esa arqon vazifasini bajarardi. Jasur sayohatchilar allaqanday epchil akrobatlarga o‘xshab tushardilar. Myulredining kuchi bilan Vilsonning epchilligi juda ish berdi. Bu ajoyib, fidokor va har yerda hozir-u nozir shotland yigitlari bo‘lmaganda kichkina otryad necha martalab to‘xtab qolishi turgan gap edi. Glenarvan Robertdan ko‘z uzmay borardi, chunki bola juda o‘t bo‘lganidan o‘zini hech ehtiyot qilmasdi. Paganel fransuzlarga xos qizg‘inlik bilan olg‘a intiladi. Mayorga kelsak, u zarur bo‘lganida boshqa bironta ham ortiqcha harakat qilmay to‘xtovsiz yuqoriga ko‘tarilib borar edi. Umuman, mayor bir necha soatdan beri toqqa ko‘tarilayotganini sezyaptimikan? Bu savolga javob berishi mushkul edi. Ehtimol, u o‘zini tog‘dan tushayotgandek sezayotgandir.

Ertalab soat beshda barometr sayohatchilarning yetti ming besh yuz fut balandlikka chiqqanlarini ko‘rsatdi. Ular yog‘och o‘simliklar tugaydigan yassi tog‘likka yetgan edilar. Bu yerlarda ovchilarni ham xursand qiladigan, ham boy qiladigan hayvonlar sakrashib yurar, lekin bu xususiyatlarini o‘zlari ham yaxshi bilganlaridan, odamlarni uzoqdan ko‘rish bilanoq ura qochar edilar. Bu qo‘yning ham, ho‘kizning ham, otning ham o‘rniga o‘ta oladigan, hatto xachir tirikchilik qilolmaydigan balandlikda ham bahazur yashay oladigan lamalar edi. Bu yerlarda mo‘ynasi qimmat turadigan, quyon bilan qo‘shoyoq o‘rtasidagi kichkinagina, hurkak, beozor kemiruvchi hayvon – shinshilla yashar edi. U orqa oyoqlarida tursa kenguruga o‘xshab ketardi. Bu chaqqon jonivorning olmaxonga o‘xshab daraxtlar tepasida yugurib yurishini tomosha qilish juda maroqli edi.

– Bu hali qush emas, lekin oyoqli ham emas, – dedi Paganel.

Lekin toqqa ko‘tarilish paytida kichkina otryad uchratgan jonivorlar lama bilan shinshillagina emas edi. To‘qqiz ming fut balandlikda, abadiy erimay yotadigan qorlar boshlanadigan joyda kavsh qaytaradigan nihoyatda chiroyli hayvonlar poda-poda bo‘lib yurardi, bular: yungi ipakdek mayin, uzun tolali bo‘lgan pakoslar va yungi nihoyatda nozik, o‘zi chiroyli va yuvosh vigon – shoxsiz echkilar edi. Lekin bu tog‘ go‘zallariga aslo yaqinlashib bo‘lmas, xato yaxshilab tomosha qilish ham qiyin edi, chunki ular ko‘zni qamashtirar darajada oppoq qor gilamlari ustidan sirpanib, hech qanday shovqin-suronsiz ura qochib qolar edilar.

Manzara butunlay o‘zgardi: to‘rt tomonda osmonga bo‘y cho‘zgan, ba’zi yerlari ko‘kish, yaltiroq katta-katta muz parchalari ko‘tarilib kelayotgan quyoshning ilk nurlari ostida jilvalanardi. Toqqa ko‘tarilish juda xavfli bo‘lib qoldi. Endi qor ustida biror yoriq yo‘qmikan deb oldindan ehtiyot bilan paypaslab ko‘rmasdan tavakkaliga oyoq bosib bo‘lmasdi. Vilson otryad oldida oyog‘i bilan muzning qanchalik mustahkamligini sinab ko‘rib borar edi. Uning hamrohlari xuddi u bosgan yerga oyoq bosishga harakat qilib, uning ketidan borishar, qattiq gapirmaslikka tirishar edilar, chunki salgina shovqin ham havoni titratib, tepalarida, yetti yuz-sakkiz yuz fut balandlikda uyilib yotgan qorlarni ko‘chirib yuborishi mumkin edi.

Sayohatchilarimiz shu tarzda changalzorlar mintaqasiga yetib oldilar; yana bir ming yetti yuz fut ko‘tarilganlarida changalzorlar boshoqli o‘simliklar va kaktuslar bilan almashindi. O‘n bir ming fut balandlikda ular ham yo‘qoldi. Unumsiz tog‘ bag‘rida endi hech qanday o‘simlik ko‘rinmas edi. Butun bu ko‘tarilish paytida sayohatchilar faqat bir marta, ertalab soat sakkizda birpasgina dam oldilar. Tezgina, nariberi ovqatlanib olib tobora ortib borayotgan xavf-xatarlarni pisand qilmay, mardlik bilan yana toqqa tarmashdilar. Ular nayza uchli tog‘ o‘rkachlaridan, pastga qarashning o‘ziyoq kishini dahshatga soladigan o‘pqonlar yoqasidan o‘tib bordilar. Ko‘pgina joylarda ilgari bu yerlarda yuz bergan falokatlardan guvohlik berib, yog‘och butlar qaqqayib turardi. Kunduz soat ikkilarda faqat toshdan iborat bo‘lgan, cho‘qqilar orasida cho‘zilib yotgan va hech qanday o‘simlik zoti o‘smaydigan taqir cho‘lga o‘xshagan yassi tog‘liklar boshlandi. Havo quruq, osmon ko‘m-ko‘k. Bunday balandlikda yomg‘ir mutlaqo yog‘maydi: namlik bu yerlarda yo qorga, yo do‘lga aylanib ketadi. U yer bu yerda skelet suyaklari singari oppoq qor ostidan porfir va bazalt cho‘qqilar so‘rrayib chiqib turardi. Ba’zan shamol yalab yemirilishi natijasida kvars yoki gneys jinslari gumburlab ko‘chib tushardilar; siyraklashib qolgan havo ularning tovushini deyarli o‘tkazmas edi.

Sayohatchilar qancha jasorat ko‘rsatmasinlar, baribir charchab qoldilar. Hamrohlarining bunchalik toliqib qolganlarini ko‘rgan Glenarvan ularni tog‘ning bu qadar baland yerlariga boshlab kelganiga pushaymon qila boshladi. Yosh Robert charchoqqa so‘z bermaslikka tirishardi, lekin uning kuchi tugab bormoqda edi.

Soat uchda Glenarvan to‘xtadi.

‒ Dam olish kerak, – dedi u o‘zi aytmasa hech kimdan bunday gap chiqmasligini sezib.

‒ Dam olish kerak-ku, lekin qayerda dam olamiz? – deb so‘radi Paganel. – Bu yerda dam oladigan joy yo‘q-ku.

‒ Baribir dam olish zarur, juda bo‘lmasa Robert uchun.

‒ Yo‘q, ser, men hali yura olaman… – deb e’tiroz bildirdi jasur yigitcha. – To‘xtamanglar…

‒ Seni ko‘tarib olishadi, o‘g‘lim, – deb uning so‘zini bo‘ldi Paganel, – lekin biz har nima qilib bo‘lsa ham tog‘ning sharqiy yonbag‘riga yetib olishimiz lozim. U yerda dam oladigan biror chayla-payla topsak ham ajab emas. Ana shuning uchun, menimcha, yana ikki soatcha yurishimiz kerak.

‒ Shunga rozimisizlar? – deb hamrohlarining rayini so‘radi Glenarvan.

‒ Rozimiz, – deb javob berdi hamma.

‒ Bolani men o‘zim ko‘tarib olaman, – dedi Myulredi.

Shundan so‘ng otryad sharqqa qarab yana yo‘lga tushdi. Toqqa chiqishdek nihoyatda mashaqqatli yo‘l yana ikki soat davom etdi. Tog‘ning eng baland cho‘qqisiga yetib olish lozim edi. Havo siyraklashib ketgani uchun nafas olish qiyin bo‘lib qoldi, sayohatchilarning milk va lablari qonab keta boshladi. Havo siyrakligi natijasida sekinlashib qolgan qon yurishini tezlatish uchun tez-tez nafas olishga to‘g‘ri kelardi, bu esa qorda aks etib, ko‘zni qamashtirayotgan quyosh nuridan ham ko‘proq charchatar edi. Sayohatchilarning irodasi qanchalik kuchli bo‘lmasin, ularning eng baquvvatlari ham holdan to yib qoldi, tog‘larda yurgandagi eng yomon hol – bosh aylanish ularni jismoniy kuchdangina emas, balki ruhiy quvvatdan ham mahrum qildi. Bunday haddan tashqari charchoqni nazar-pisand qilmaslikning sira ham iloji yo‘q, sayohatchilardan goh bittasi, goh ikkinchisi yiqilib qolar, qaytib turgandan keyin esa yurishga qurbi kelmay, emaklab sudralib yo‘lida davom etardi. Bu nihoyatda holdan toygan odamlarning ko‘p o‘tmay sira ham siljiy olmay qolishlari aniq ko‘rinib turardi. Glenarvan muz va qor bilan qoplangan bu cheksiz, mash’um o‘lkaga, bo‘m-bo‘sh cho‘qqilarni qora pardaga o‘rab kelayotgan kechki g‘ira-shira qorong‘ulikka qo‘rqib-qo‘rqib qarar va atrof-tevarakda bitta ham boshpana yo‘q-a, deb alam bilan o‘ylar ekan, birdan mayor uni to‘xtatib, bamaylixotir:

‒ Chayla, – dedi.

56.Sajen, sarjin – uch gazga yoki 2,134 metrga teng uzunlik o‘lchovi; dengiz sarjini 1,83 m (Muharrir izohi).
57.Janubiy yarim sharda qish Shimoliy yarim shardagi yoz oylariga to‘g‘ri keladi.
226,93 ₽
Возрастное ограничение:
0+
Дата выхода на Литрес:
25 апреля 2023
Объем:
27 стр. 45 иллюстраций
ISBN:
978-9943-8002-4-3
Корректор:
Правообладатель:
Asaxiy books

С этой книгой читают