Читайте только на ЛитРес

Книгу нельзя скачать файлом, но можно читать в нашем приложении или онлайн на сайте.

Читать книгу: «Suv ostida sakson ming kilometr», страница 7

Шрифт:

O‘n uchinchi bob
BIR NECHA RAQAMLAR

Bir necha daqiqadan so‘ng biz salondagi divanda sigara chekib o‘tirar edik.

Kapitan Nemo menga «Nautilus» ham uzunasiga, ham ko‘ndalangiga ko‘rsatilgan chizmalarni berdi. So‘ng tushuntira boshladi.

– Mana bu, janob Aronaks, siz turgan kemaning chizmalari. U uzun silindr shaklida bo‘lib, chekkalari konusga o‘xshaydi. Ko‘rinishdan sigaraga o‘xshaydi, sigarasimon shakl Londonda bunday konstruksiya uchun juda qulay hisoblanadi. Silindrning u boshidan bunisigacha uzunligi roppa-rosa yetmish metr bo‘lib, o‘rtasida eng keng joyi eniga sakkiz metr. Men tezyurar kemalardagiday odatdagi mutanosiblik bo‘yicha enining uzunligiga nisbatini birga o‘n qilib olmadim, biroq shunga qaramay men olgan mutanosiblikda ham kema tumshug‘idagi qarshilik uncha ko‘p emas va siqib chiqarilgan suv suzishga xalaqit bermaydi. Bu miqdorlar «Nautilus»ning maydoni va hajmini hisoblash imkonini beradi. Sirti bir ming o‘n bir kvadrat metr, hajmi bir ming besh yuz kub metrdir. Shunday qilib, kema suvga to‘la cho‘kkanda, u bir ming besh yuz kub metr yoki bir tonna suvni siqib chiqaradi.

Suv ostida suzishga mo‘ljallangan bu kema planini tuzayotganimda o‘z oldimga u suvga tushirilganda hajmining o‘ndan to‘qqizi dengizga cho‘kishi va o‘ndan biri esa suvdan chiqib turishi kerak, degan vazifani qo‘ydim. Shunday bo‘lganda kema o‘z hajmining o‘ndan to‘qqizini yoki bir ming uch yuz ellik kub metr suvni siqib chiqarishi, vazni ham shuncha tonna bo‘lishi kerak edi. Binobarin, men ana shu og‘irlikdan ortiqchasiga yo‘l qo‘ymasligim kerak edi. «Nautilus»ning ikkita korpusi bor: biri ichki va ikkinchisi tashqi; ular o‘zaro ikki tavrli kesimi bo‘lgan temir to‘sinlar bilan biriktirilgan; bu to‘sinlar kemani juda mustahkam tutadi. Chindan ham shunday qurilma tufayli ichi kovak «Nautilus» quyma jismday mustahkam. Uning qoplamasi egilmaydi; pishiq qilib ulangani va bir xil materialdan bo‘lgani uchun eng notinch dengiz ham unga cho‘t emas. Bu ikki korpus po‘lat taxtalardan iborat. Ichki korpus taxtalarining qalinligi salkam besh santimetr va uning vazni uch yuz to‘qson tonna. Tashqi korpus, balandligi ellik va eni yigirma besh santimetr hamda og‘irligi oltmish tonnali kemaning tag to‘sini, mashinalar, ballast46, barcha boshqa uskunalar, jihozlar, ichki devorlar va tirgovuchlar – hammasining umumiy vazni salkam to‘qqiz yuz tonna, ichki korpusining uch yuz tonnasi bilan qo‘shib hisoblaganda, zarur miqdordagi bir ming uch yuz ellik tonna bo‘ladi. Tushuna oldingizmi?

– Tushundim.

– Shunday qilib, – deya davom etdi kapitan,– «Nautilus» suv sathida turganida, shu og‘irligi bilan uning o‘ndan bir qismi tashqarida turadi. Binobarin, agar kemada ana shu o‘ninchi qismining og‘irligiga teng hajmda, ya’ni bir yuz ellik tonna sig‘imli rezervuar bo‘lganda va bu rezervuarlar suv bilan to‘latilsa, «Nautilus» bir ming besh yuz kub metr yoki xuddi shu miqdor og‘irlik – bir ming besh yuz tonnani siqib chiqarib, suvga to‘la cho‘kar edi. Amalda ham shunday qilinadi. «Nautilus»da rezervuarlar bo‘lib, bular uning pastki qismida joylashtirilgan. Kranlar ochib yuborilsa bas, ular suvga to‘lib, kema dengiz sathi bilan bab-baravar bo‘lib cho‘kadi.

– Ofarin, kapitan. Ammo xuddi mana shu o‘rinda menimcha asosiy qiyinchiliklar boshlansa kerak. Men siz suvga «Nautilus»ning bir santimetri ham ko‘rinmaydigan darajada cho‘ka olishingizni tushunib turibman. Ammo siz chuqurlikka tushganda, kemangiz yuqori bosim bilan to‘qnashmaydimi? Bu bosim uni ham o‘ttiz futli suv qatlamida taxminan bir atmosferaga yoki boshqacha qilib aytganda, kvadrat santimetriga bir kilogrammga teng keladigan kuch bilan pastdan yuqoriga itarmaydimi?

– Juda to‘g‘ri, professor.

– Bunday paytda siz «Nautilus»ning o‘zini suv bilan to‘latmasdan turib suv qa’riga cho‘kishga qanday majbur qila olishingizga aqlim yetmayapti.

– Janob professor, – dedi kapitan Nemo, – statika47ni dinamika bilan chalkashtirish yaramaydi – bu jiddiy nuqsonlarga olib kelishi mumkin. Okeanning eng chuqur joylariga tushish uchun ortiqcha kuch sarflashning hojati yo‘q… Siz mening mulohazalarimni diqqat bilan eshityapsizmi?

– Diqqat bilan eshityapman.

– «Nautilus»ning dengiz tubiga cho‘ka olishida uning vaznini qancha oshirish kerakligini aniqlash uchun men yuqoridagi suv qatlamlarining og‘irligi ta’sirida turli chuqurliklarda hajmni qanchalik kamaytirish lozimligini bilishim kerak edi.

– Bu to‘g‘ri, kapitan.

– Suvning siqilishini inkor etib bo‘lmasa-da, lekin shuni aytish kerakki, bu siqilish juda cheklangan miqdordadir. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, chindan ham bosim bir atmosfera oshganda, ya’ni o‘ttiz fut chuqurlikda, o‘n milliondan to‘rt yuz o‘ttiz olti qismi siqiladi. Suvga ming metr cho‘kkanda hajmni qancha kamaytirish hisobini balandligi ming metrli suv ustuni bosimiga, ya’ni yuz atmosfera bosimiga qarab olish kerak. Shunday qilinganda hajmni kamaytirish natijasi yuz mingdan to‘rt yuz o‘ttiz olti bo‘ladi. Binobarin, kema vazni odatdagi bir ming besh yuz tonnadan bir ming besh yuz olti-yu yuzdan ellik to‘rtgacha ko‘payishi kerak. Shunday qilib, vaznni olti-yu yuzdan ellik to‘rt tonna oshirish talab etiladi.

– Hammasi bo‘lib-a?

– Hammasi bo‘lib, janob Aronaks, bu hisobni tekshirib chiqish ham unchalik qiyin emas. Sirasini aytsam, menda yuz tonnali zapas rezervuarlar bor. Bular yordamida men juda katta chuqurliklarga cho‘ka olaman. Suv sathiga ko‘tarilish uchun bu rezervuarlarni suv ballastidan bo‘shatishning o‘zi kifoya. Bordi-yu «Nautilus»ning o‘ndan bir qismini suvdan tashqariga chiqarmoqchi bo‘lsam, undan butun rezervuarlarni bo‘shatishim kerak.

Aniq raqamlarga asoslangan bu fikrlarga qarshi bir nima deyishim qiyin edi.

– Hisob-kitoblaringizga qo‘shilaman, kapitan, – dedim men. – Darvoqe, uning to‘g‘riligi har kuni amalda tasdiqlanib turgach, bahslashib o‘tirishning o‘zi kulgili bir hol bo‘lur edi. Ammo menda yana bir shubha tug‘ildi.

– Qanday shubha?

– Kemangiz ming metr chuqurlikka cho‘kkanida uning korpusi yuz atmosfera bosimga duch keladi. Binobarin, agar siz shu chuqurlikda kemangizni yengillatib olish va suv betiga chiqish uchun rezervuarlarni bo‘shatmoqchi bo‘lsangiz, unda rezervuarlardan suvni siqib chiqaradigan nasoslar har bir kvadrat santimetrga yuz kilogrammdan qo‘shimcha qarshilikka uchraydi. Bu esa nasoslardan shunday kuch talab etadiki…

– Buni faqat elektr bajarishi mumkin, – deya so‘zimni bo‘ldi kapitan Nemo. – Yana qaytaraman, professor, mening mashinalarimning kuchi deyarli cheklanmagan. «Nautilus»ning nasoslari juda kuchli. Undan chiqqan suv ustunlari «Avraam Linkoln» palubasiga sharsharaday tushganini ko‘rganda, bunga ishongan bo‘lishingiz kerak. Shunisi ham borki, batareyalar ortiqcha zo‘riqmasligi uchun men qo‘shimcha rezervuarlardan bir yarim mingdan ikki ming metrgacha chuqurlikka tushmoqchi bo‘lsamgina foydalanaman. Agar bordi-yu miyamga okeanning eng chuqur joylariga – uning sathidan sakkiz-o‘n ming metrga tushish fikri tug‘ilsa, ancha murakkabroq, ammo ayni vaqtda shunchalik ishonchli usullarni qo‘llayman.

– Qanaqa usullarni, kapitan?

– Buni tushunib olishingiz uchun avval men «Nautilus»ni qanday boshqarishni aytishim kerak.

– Men buni sabrsizlik bilan kutyapman.

– Kemani o‘ngga va chapga yoki boshqacha qilib aytganda, gorizontal tekislikda yo‘naltirish uchun men kema tumshug‘i ostida o‘rnatilgan oddiy ruldan foydalanaman. Bu rul shturval va shturtroslar yordamida harakatga keltiriladi. Ammo «Nautilus»ni, shuningdek, tik tekislik bo‘ylab – yuqoridan pastga va pastdan yuqoriga qarab ham yo‘naltirish mumkin. Bu vaterliniya yoniga bemalol harakatlana oladigan qilib o‘rnatilgan ikki qanot yordamida amalga oshiriladi. Bu qanotlar tik yo‘nalishda ham tez harakat qiladi va ular kemaning ichidan richaglar yordamida harakatga keltiriladi. Qanotlar tag to‘singa parallel qilib qo‘yilganda «Nautilus» gorizontal yo‘nalishda suzadi. Parraklar yordamida oldinga harakat qilayotgan «Nautilus» shu qanotlarning qanchalik egilganiga qarab yo diagonal bo‘ylab pastga tushadi yoki diagonal bo‘ylab yuqoriga ko‘tariladi, aytib qo‘yay, bu diagonal uzunligi tamomila menga bog‘liq. Buning ustiga agar men ko‘tarilish tezligini oshirmoqchi bo‘lsam, vintni to‘xtataman va suv bosimi «Nautilus»ni vodorod to‘latilgan aerostatday tik yuqoriga siqib chiqaradi.

– Qoyil, kapitan! – xitob qildim men. – Ammo suvga cho‘kib turgan «Nautilus» ko‘r-ko‘rona boshqarilsa kerak, albatta.

– Sira unday emas. Rulni boshqaruvchi kishi «Nautilus»ning tumshug‘ida palubadan oldinga turtib chiqqan hujrada o‘tiradi. Bu hujraning illuminatoriga ikki tomoni qabariq qalin oyna solingan.

– Shunday kuchli bosimga bardosh bera oladimi?

– Ha. Biror narsa tegib ketsa juda mo‘rt, ayni vaqtda juda mustahkam billur qo‘yilgan. Bir ming sakkiz yuz oltmish to‘rtinchi yili Shimoliy dengizda elektr yog‘dusida baliq ovlanayotganda yetti millimetrli billur plastinkalar o‘n olti atmosfera bosimga dosh bergan edi. Men ishlatayotgan oynaning qalinligi o‘rta qismida yigirma bir santimetrga yetadi, ya’ni bular men aytgan plastinkalardan o‘ttiz marta qalin.

– Tushundim. Ammo ko‘ra olish uchun qorong‘ilikni yoritish kerak, binobarin, men hayronman, qanday qilib qorong‘i chuqurlarda…

– Rul boshqaruvchining hujrasi oldida juda katta elektr reflektor o‘rnatilgan, – deya mening so‘zimni bo‘ldi kapitan Nemo, – uning nurlari suvni yarim milyagacha yoritib boradi.

– Ofarin, ming ofarin, kapitan! Endi men olimlar o‘rtasida g‘ulg‘ula solgan o‘sha badnom «narval»ning elektr quyoshi nimaligini tushundim. Ha, aytganday, ruxsat bersangiz bir narsani so‘ramoqchi edim: «Nautilus»ning «Shotlandiya» bilan butun dunyoga shov-shuv solgan to‘qnashuvi tasodifan sodir bo‘lganmidi?

– Juda tasodifan, professor. To‘qnashuv sodir bo‘lganda men suv sathidan ikki metr pastda suzayotgan edim. Ammo hech qanday falokat yuz bermaganini o‘sha zahotiyoq ko‘rdim.

– Juda to‘g‘ri. «Shotlandiya» eson-omon portga yetib oldi. «Avraam Linkoln» bilan uchrashuvingiz-chi?

– Janob professor, Amerika flotining bu eng yaxshi kemasiga o‘zim ham achinaman, ammo u menga hujum qildi va men himoyaga o‘tishga majbur edim. Lekin kemani menga hujum qilish imkoniyatidan mahrum etdim, xolos, u shikastlangan joyini yaqin oradagi portda osonlik bilan tuzatib olishi mumkin.

– O, kapitan, – xitob qildim men, – «Nautilus» darhaqiqat ajoyib kema!

– Ha, professor, – hayajonli ohangda javob berdi kapitan Nemo. – Men uni o‘z farzandimday yaxshi ko‘raman. Okean sathida suzayotgan kemalar ming xil xavf-xatarga yo‘liqishi mumkin. Har bir tasodif ularga falokat keltirishi mumkin. Ammo bu yerda, dengiz qa’rida inson hech narsadan qo‘rqmasa ham bo‘ladi. Bosimdan pachoq bo‘lib ketishidan cho‘chimaydi – negaki bu kema korpusi temirdan ham mustahkam. Uning chayqalishidan «charchaydigan» takelaji48 yo‘q. Shamol yulib ketishi mumkin bo‘lgan yelkanlar yo‘q. Portlab ketish xavfi bo‘lgan qozonlar ham yo‘q. Yong‘in xavfsiz, chunki uning yog‘och qismlari yo‘q. U to‘qnashuvlardan ham qo‘rqmaydi, chunki okean qa’rida yolg‘iz o‘zi suzadi. Bo‘ronlar ham qo‘rqinchli emas, negaki okean sathidan bir necha metr chuqurlikda hamisha to‘la osoyishtalik hukmron. Siz ajoyib degan kema ana shunaqa, professor! Agar ixtirochi hamisha o‘z kemasiga injener-konstruktorga nisbatan ko‘proq, injener-konstruktor esa kapitanga nisbatan ko‘proq ishonishi rost bo‘lsa, mening birato‘la ham kema ixtirochisi, ham konstruktori, ham kapitan sifatida «Nautilus»ga qanchalik cheksiz ishonch bilan qarashimning sababini tushunsangiz kerak!

Kapitan Nemo juda ko‘tarinki ruhda gapirar edi.

Ko‘zlarida chaqnab turgan yolqin, jonli harakatlari uni tamoman o‘zgartirib yuborgan edi. Men o‘zimni to‘xtata olmadim va kapitan Nemoga biroz g‘alati tuyulishi mumkin bo‘lgan savol berdim:

– Demak, sizning injenerlik ma’lumotingiz bor ekan-da?

– Ha, – deya javob berdi u. – Men yer yuzida yashagan paytimda London, Parij va Nyu-Yorkda o‘qigan edim.

– Xo‘sh, bu ajoyib suvosti kemasini qanday qilib yashirincha qura oldingiz?

– Uning har bir qismi, janob professor, dunyoning turli burchaklarida qilingan, buning ustiga zavodlarga ular boshqa maqsadlarda foydalaniladi deb aytilgan. «Nautilus»ning tag to‘sini Fransiyadagi Krezo zavodida yasalgan; eshkak vali – Londondagi Pena K°da; parragi – Glazgodagi Skottda; rezervuarlari – Parijdagi Kayil va K°da; dvigatellarini Germaniyadagi Krupp zavodlari; tumshuq qismini shved fabrikanti Motan; o‘lchov asboblarini Nyu-Yorkdagi aka-uka Gart va hokazo. Buyurtmani tayyorlovchilar mening chizmalarimni hamisha boshqa-boshqa nomlar bilan olar edilar.

– Ammo, – dedim men, – bu qismlarni olish bilan ish bitmagan-ku – ularni yig‘ish, montaj qilish kerak bo‘lgan-ku.

– Men okean o‘rtasida yo‘qolib ketgan va odam yashamaydigan bir orolda verf49qurib oldim. U yerda men o‘rgatgan ishchilar, sodiq do‘stlarim o‘zimning kuzatuvimda «Nautilus»ni yig‘ishdi. Kema yig‘ib bo‘lingach, olov bizning oroldagi barcha izlarimizni yo‘q qilib tashladi. Agar qo‘limdan kelganida, orolchani portlatib yuborardim.

– Kema sizga juda qimmatga tushgan bo‘lsa kerak?

– Oddiy temirdan yasalgan kema vaznining har bir tonnasi taxminan bir yuz yigirma besh ming frankdan tushadi. Mening «Nautilus»imning og‘irligi bir ming besh yuz tonna. Demak, u asbob-uskunalari bilan kamida ikki million frank turadi, unda saqlanayotgan kolleksiyalar va san’at buyumlarini qo‘shib hisoblaganda to‘rt-besh million frankdan kam emas.

– Ruxsat bersangiz, yana bir so‘nggi savol, kapitan?

– So‘rang, professor.

– Siz juda boymisiz?

– Men juda boyman, hatto Fransiyaning o‘n milliardli davlat qarzini sira qiynalmay to‘lashim mumkin va bu bilan boyligim kamayib, kambag‘allashmasdim ham.

Men bu g‘alati odamga tikilib qoldim. U mening soddadillik bilan ishonayotganimdan foydalanmayotganmikin? Buni kelajak ko‘rsatishi kerak edi.

O‘n to‘rtinchi bob
«QORA DARYO»

Yer kurrasining uch yuz oltmish bir million kvadrat kilometri suvdan iborat. Bu suvning hajmi bir ming uch yuz yetmish million kub kilometrga tengdir. Demak, yer yuzidagi suvning vazni bir ming uch yuz yetmish kvintillion tonnadir.

Bu sonning naqadar kattaligini idrok etish uchun shu narsani bilish kerakki, milliard oldida bir qanchalik kichik raqam bo‘lsa, kvintillion oldida milliard ham shunchalik ushoq sondir yoki boshqa so‘z bilan aytganda, milliardda qancha bir bo‘lsa, kvintillionda shuncha milliard bor.

Yer yangi paydo bo‘lgan kunlarda olov davridan so‘ng suv davri boshlangan. Boshda okean butun yer yuzini qoplagan edi. Keyinchalik, asta-sekin siluriy davrida, tog‘larning paydo bo‘lish jarayoni boshlandi. Okeandan tog‘ uchlari chiqdi. So‘ng orollar paydo bo‘ldi; ular suv toshqinlari natijasida yana yo‘qoldi, so‘ngra yana paydo bo‘lib, mustahkamlandi va qit’alarni vujudga keltirdi; nihoyat quruqlik biz hozir ko‘rib turgan holga keldi. Quruqlik suvdan bir yuz qirq million olti yuz ming yetti kvadrat metr joyni tortib oldi.

Qit’alarning joylashishiga qarab yer yuzidagi suvni besh asosiy qismga bo‘lish mumkin:

Shimoliy Muz okeani,

Janubiy Muz okeani,

Hind okeani,

Atlantika okeani va

Tinch okean.

Tinch okean shimoldan janubga har ikki qutb doirasi orasida va g‘arbdan sharqqa Osiyo bilan Amerika o‘rtasidagi uzunlikda bir yuz qirq besh gradus joyni egallab yotibdi. U okeanlar ichida eng osoyishtasi; u vazmin, salobat bilan oqadi va unda suv ortiqcha ko‘payib, kamayavermaydi, shu bilan birga seryog‘indir. Mening odatdan tashqari sayohatim ana shunaqa okeandan boshlandi. – Istasangiz, professor, – dedi menga kapitan Nemo, – qayerda turganimizni – qayerdan sayohatga chiqib ketayotganimizni aniqlab olishimiz mumkin. Hozir soat chorakam o‘n ikki. Men hozir «Nautilus»ga zudlik bilan okean sathiga ko‘tarilishini buyuraman. Shu so‘zlarni aytib, kapitan elektr qo‘ng‘iroq tugmachasini uch marta bosdi. Nasoslar rezervuarlardagi suvni siqib chiqara boshladilar. Manometr mili harakatga kelib, siferblat bo‘ylab yuqoriga chiqib, bosim tobora kamayib borayotganini ko‘rsatardi. Nihoyat, u nolga kelib to‘xtadi. – Biz suv sathiga ko‘tarildik, – dedi kapitan Nemo. Men markaziy trap tomon yurib, uning temir zinapoyalaridan yuqoriga ko‘tarildim va ochiq lyukdan «Nautilus» palubasiga chiqdim. U suvdan sakson santimetrcha chiqib turar edi. «Nautilus»ning urchuqsimon korpusi darhaqiqat uzun sigarani eslatar edi. Men uning ustki qoplamasi yerdagi o‘rmalovchilarning badani singari tangachasimonligiga e’tibor berdim. Barcha kemalar «Nautilus»ni dengiz maxluqi deyishlarining sababini endi tushundim.

«Nautilus» korpusida yarim berkitilgan qayiq palubaning o‘rtasida uncha katta bo‘lmagan do‘nglik hosil qilgan edi. Kema tumshug‘i va quyrug‘ida devorlari qiya, uncha baland bo‘lmagan, qalin qabariq billur oynali ikkita kabina do‘ppayib turardi. Old tomonda «Nautilus» rul boshqaruvchisi uchun hujra, orqada yo‘lga yog‘du sochadigan yorqin elektr projektor bor edi.

Dengiz juda ajoyib, osmon tiniq edi. Uzun kema keng okean to‘lqinlarida bilinar-bilinmas chayqalardi. Sharqdan esayotgan yengil shabada suv sathini jimirlatar edi. Tiniq, ko‘zga yaqqol tashlanib turgan ufq atrofni bemalol kuzatish imkonini berardi.

Dengiz sathi tamoman bo‘m-bo‘sh edi. Na orolcha, na qoya ko‘rinardi. «Avraam Linkoln» ham ko‘rinmas edi.

Bizni bepoyon, ulug‘vor bo‘shliq o‘rab olgan edi.

Kapitan Nemo peshinda ko‘zlarini sekstantga50 tikdi va quyoshning balandligini aniqladi – bu unga joyning kengligini bildirardi. Kuzatayotganida uning biror muskuli ham qimir etmas va sekstant marmar haykal qo‘lida ham shunchalik qimirlamay turmas edi.

– Peshin bo‘ldi, – dedi u. – Professor, pastga tushsakmikin?

Men dengizga so‘nggi marta nigoh tashladim. Uning suvi sarg‘ishroq bo‘lib, bu Yaponiya sohillariga yaqinlashayotganimizdan dalolat berar edi.

Shundan so‘ng kapitanning ketidan salonga tushdim.

U yerda kapitan Nemo xronometr vositasida joyning uzunligini aniqladi. O‘zining boyagi burchak o‘lchagich bilan kuzatganidagi hisoblarini tekshirdi va «Nautilus»ning qayerda turganini kartada belgilab qo‘ydi.

– Janob Aronaks, – dedi u, – biz g‘arbiy uzunlikning 137-gradus 15-minutidamiz.

– Qaysi meridiandan hisoblaganda? – kapitanning javobidan uning millati ma’lum bo‘lib qolarmikin degan umidda shoshilib so‘radim.

– Menda Parij, Grinvich va Vashington vaqtlariga to‘g‘rilab qo‘yilgan har xil xronometrlar bor, – deya javob berdi u. – Ammo sizning sharafingizga men bugun Parij meridianidan foydalandim.

Bu javobdan men hech narsani aniqlab ololmadim. Minnatdorchilik bildirib, ta’zim qildim. Kapitan so‘zida davom etdi:

– Parij meridianidan g‘arbiy uzunlikning 137- gradus 15-minutida va shimoliy kenglikning 30- gradus 7-minutidamiz. Boshqacha qilib aytganda, biz Yaponiya sohillaridan taxminan uch yuz milya masofadamiz. Shunday qilib, bugun, sakkizinchi noyabr peshinda biz suvosti ilmiy-tekshirish ekspeditsiyamizni boshlaymiz. Endi, janob professor, men ishingizga xalaqit bermayman. Men sharqi shimoliy – sharq tomon yo‘l tutishga va suvostiga ellik metr cho‘kishga buyruq berdim. Mana bu katta xaritada kunda bosib o‘tilgan yo‘l belgilab boriladi. Salon butunlay sizning ixtiyoringizda.

Kapitan Nemo ta’zim qilib chiqib ketdi. Men salonda yolg‘iz qolib, xayolga cho‘mdim. Ular meni tinmay «Nautilus»ning kapitani sari yetaklar edi.

Vaqti kelib vatanim yo‘q deb faxr bilan aytayotgan bu odamning millatini bilib olarmikanman? Kim yoki qanday sabab uning qalbida insoniyatga nisbatan nafrat uyg‘otdi? «Jamoatchilik xafa qilib qo‘ygan», tan olinmagan olimlardan birimi yoki Konsel aytganday, o‘z Vatanidan quvg‘in qilingan zamonasining Galiley51i yoinki olim – revolutsionermikin? Bunisini men hali bilmasdim.

Kemasiga tasodifan tushib qolgan meni u mehmondo‘stlik bilan kutib oldi, ammo hayotim uning qo‘lida ekanligini unutmasligimni ta’kidlash uchun bo‘lsa kerak, munosabatlarida iliqlik sezilmas edi. Shu bilan birga ko‘rishish uchun u biror marta ham qo‘lini menga uzatgani yo‘q.

Bir soatlar chamasi men shu xayollarga g‘arq bo‘lib, uning odamni hayajonlantirayotgan sirini bilib olishga intilardim.

So‘ng ko‘zim stol ustidagi xaritaga tushdi. Kapitan Nemo uzunlik va kenglikni belgilagan joyga barmog‘imni qo‘ydim.

Okeanning ham qit’alar singari o‘z daryolari bor. Bu oqimni boshqa suvdan rangi va haroratiga qarab ajratish mumkin. Eng ko‘p uchraydigan okean oqimi – Golfstrimdir.

Fan besh asosiy oqimni xaritaga tushirgan: biri – Atlantika okeanining shimoliy qismida, boshqasi, janubida, uchinchisi, Tinch okeanning janubiy qismida, to‘rtinchisi shimolida va nihoyat beshinchisi Hind okeanining janubiy qismidadir. Ehtimol Kaspiy va Orol dengizlari hamda Osiyodagi katta ko‘llarning suv havzasi bitta bo‘lgan uzoq o‘tmishda Hind okeanining shimoliy qismida oltinchi oqim ham bo‘lgandir.

Xaritaga «Nautilus»ning turgan yeri nuqta qo‘yib belgilangan punktdan ana shu oqimlardan biri – Kuro-Sivo o‘tgan edi, bu yaponchada «qora daryo» degani; u Bengal qo‘ltig‘idan chiqib, tropik quyoshining tikka nurlaridan haroratlanib, Malakk bo‘g‘oziga o‘tadi, Osiyo qirg‘oqlari bo‘ylab boradi va Tinch okeanning shimoliy qismidan burilib o‘tib Aleut orollariga yetadi.

Bu oqim xushbo‘y daraxtlar va boshqa tropik o‘simliklarning novdalarini oqizib borar, to‘q yashil va sovuq okean suvlaridan o‘zining yorqin ko‘k rangi hamda yuqori harorati bilan ajralib turar edi.

«Nautilus» ana shu oqim bo‘ylab suzib o‘tishi kerak edi. Bu oqimni xaritadan kuzata turib, Tinch okeanning bepoyon bo‘shliqlarida uning jimirlab yo‘q bo‘lib ketishini shu qadar berilib o‘ylabmanki, qayerda turganimni unutib, salonga Ned Lend bilan Konsel kirib kelganini ham payqamabman.

Mening ajoyib hamrohlarim ko‘zlari oldidagi xazinani ko‘rib, dong qotib qolishdi.

– Biz qayerdamiz? – xitob qildi kanadalik. – Nahotki Kvebek muzeyida bo‘lsak?

– Xo‘jamning ruxsatlari bilan, – dedi Kon-sel, – to‘g‘risini aytsam, o‘zimizni Somerar mehmonxonasida deb his etyapman.

– Do‘stlarim, – dedim men, – Kanadada ham, Fransiyada ham emassiz, balki suv sathidan ellik metr pastroqda suzayotgan «Nautilus»dasiz.

– Bu gapni xo‘jam aytganlaridan keyin ishonishga to‘g‘ri keladi, – deb javob berdi Konsel, – ammo rostini aytsam, bunday salon mendaqa flamandiyalikni ham hayratga soladi!

– Istaganingcha hayratlanishing mumkin, og‘ayni. Ayni vaqtda vitrinalarga ham bir qarab qo‘y – u yerda senga o‘xshagan tasnifchi uchun ish topilib qoladi.

Tasniflashga kelganda, Konselni qayta undashning hojati yo‘q edi. Vitrinalar ustiga engashib, tabiatshunoslar tilida allanimalar deb g‘o‘ldiray boshladi: sinf, turkum, turkumcha, oila, nasl, tur…

Shu orada konxiologiya bilan ishi bo‘lmagan Ned Lend kapitan Nemo bilan uchrashuvimni va undan kimligini, qayerlik ekanini, qayoqqa ketayotganini, bizni qanaqa chuqurliklarga olib tushishini bilgan-bilmaganimni surishtira boshladi.

Kanadalik javobimni ham kutmasdan ketma-ket savollar yog‘dirib tashladi.

U gapirib bo‘lgach, bilganlarimni birma-bir so‘zladim va men undan, shuningdek, bu vaqt ichida ko‘rgan-bilganlarini so‘radim.

– Hech narsa eshitganim ham, ko‘rganim ham yo‘q, – deb javob berdi kanadalik. – Hatto kema komandasidan ham hech kimni uchratmadim. Balki u ham elektrdandir.

– Elektrdan?..

– Xudo haqqi, bunga ishonsa bo‘ladi… Ammo ayting-chi, janob professor, – so‘radi Ned Lend oldingi niyatidan qaytmay, – bu kema ekipajida necha kishi bor? O‘n kishimi, yigirmatami, elliktami, yuztami?

– Bir narsa deya olmayman, Ned. Menga qarang, «Nautilus»ni qo‘lga olish yoki undan qochib ketish to‘g‘risidagi fikrni miyangizdan chiqarib tashlang. Bu kema hozirgi zamon texnikasining mo‘jizasi va men uni sinchiklab ko‘zdan kechira olmasam butun umrim bo‘yi pushaymon bo‘lib yurardim. Ko‘plar biz bilan sizga mo‘jizalar orasida sayohat qilib yurish imkoniyatimiz borligigagina ham havasi kelgan bo‘lar edi. Xullas, og‘irroq bo‘lib yuring. Keling, yaxshisi, hozircha atrofimizda nimalar bo‘layotganini kuzatib boraylik.

– Kuzatib boraylik? – qichqirib yubordi garpunchi. – Axir bu temir turma ichida hech narsani ko‘rolmaysan kishi! Biz ko‘r odamga o‘xshab yuribmiz!

Ned Lend gapini tugatmay to‘satdan salonga zim-ziyo qorong‘ilik cho‘kdi. Shiftdagi yog‘du shu qadar tez o‘chdiki, tim qorong‘ilikdan birdan ravshan yorug‘likka chiqqanda bo‘ladiganday ko‘zlarim og‘ridi.

Bizni yaxshilik kutyaptimi yoki noxushlikmi – bunisini bilmay, qimirlashga ham botinolmay qotib qoldik. Biroq shu payt bir narsaning sharaqlagan ovozi eshitildi, «Nautilus»ning temir devorlari surilganday bo‘ldi.

– Tamom bo‘ldik, – dedi Lend.

Salon birdan yorishdi. Yorug‘lik uning har ikki tashqi tomonidan, devorlardagi tuxumsimon tuynuklardan tushdi. Suvning tubi elektr projektor bilan yoritilgan edi. Bizni dengizdan ikkita billur oyna ajratib turardi. Boshda oyna mo‘rt, sinib ketadi deb bir cho‘chib tushdim. Ammo derazalardagi qalin mis hoshiyani ko‘rib tinchlandim: u derazalarni juda mustahkam saqlashi kerak.

«Nautilus»dan bir milya masofadagi manzara bemalol ko‘rinardi. Qanday ajoyib manzara! Shaffof suv qatlamlarini yoritib turgan elektr nurlarining ajoyib jilvasini, goh soya tashlab, mayin jimirlab nim rang tovlanayotgan mislsiz bo‘yoqlarni ta’riflashga har qanday odam ham ojiz bo‘lsa kerak!..

Dengiz suvining tiniqligini hamma biladi. U eng toza buloq suvidan ham tiniqroq. Undagi erigan va erimagan mineral tuzlar bu tiniqlikni yanada oshirib ko‘rsatardi. Okeanning ayrim yerlarida, chunonchi Antil orollari atrofida bir necha o‘n metr chuqurlikdagi suv qatlamlaridan o‘zandagi qum zarrachalarigacha yaqqol ko‘rinib turadi.

Dengiz qa’rida charaqlab turgan elektr yog‘du «Nautilus» atrofidagi suyuqlikni yoritilgan suvga emas, balki suyuq alanga selobiga aylantirganday tuyular edi.

Agar Erembergning, suvning chuqur qatlamlari yorug‘lik taratadi, degan taxminini to‘g‘ri deb bilsak, unda tabiat suv qa’ridagi aholiga misli ko‘rilmagan go‘zal manzarani tomosha qilishni in’om etibdi. «Nautilus»ning oynasidan yorug‘likning suvdagi jilosiga qarab bunga imonim komil bo‘ldi.

Salonning har ikki tomonidan ko‘z ko‘rmagan va tadqiq etilmagan olamga bittadan oyna ochilgan edi. Salondagi qorong‘ilik tashqaridagi yorug‘likni yanada yorqinroq ko‘rsatar va biz akvariumning ulkan oynasidan qarayotganday edik.

«Nautilus» xuddi bir joyda to‘xtab turganday edi. Ko‘z oldimizda suzib ketayotganimizni ko‘rsatadigan bironta harakatsiz narsaning yo‘qligidan shunday tuyulardi. Biroq ahyon-ahyonda suvosti kemasi tumshug‘i taratgan suv irmoqchalari ko‘z oldimizdan juda katta tezlik bilan o‘tib turardi.

Biz zavq bilan hayratga tushganimizni qay so‘z bilan ifodalashni bilmay oynaga yopishgancha mahliyo bo‘lib turardik.

Birdan Konsel so‘z boshladi:

– Xo‘sh, og‘aynijon Ned, tomosha qilmoqchi edingiz shekilli? Ko‘ring endi!

– Juda ajib, diqqatga sazovor, – dedi kanadalik bu g‘alati manzarani ko‘rgach, o‘zining nafrati va qochish haqidagi niyatini ham unutib.

– Bu ajoyib manzara shuncha yo‘ldan kelib ko‘rishga arzir ekan!

– Kapitan Nemoning hayotini endi tushundim! – hayajonlanib gapirdim men. – U o‘ziga maxsus bir olam yaratib, uning mo‘jizalariga mahliyo bo‘lib, ulardan bahra olmoqda.

– Biroq baliqlar qani? – so‘radi kanadalik, – baliqlar ko‘rinmaydi!

– Sizga baribir emasmi, Ned? – javob berdi Kon-sel. – Axir ularni bilmaysiz-ku.

– Bilmaysiz deganingiz nimasi? Axir men baliqchiman-ku! – hayajonlanib qichqirdi Ned Lend.

Ikki do‘st o‘rtasida bahslashuv boshlandi. Ularning ikkisi ham baliqlarni bilishardi-yu, ammo har biri o‘zicha. Hammaga ma’lumki, baliqlar umurtqalilar turkumining birinchi sinfini tashkil etadi. Fan ularni juda aniq belgilab berdi: «Sovuq qonli, jabrasidan nafas oladigan va suvda yashashga moslashgan». Baliqlar ikki sinfchaga bo‘linadi: qiltanoqlilar, ya’ni orqa suyagi qiltanoqli umurtqadan iboratlari va kemirchaklilar, ya’ni orqa suyagi kemirchakli umurtqalilardan iborat bo‘lganlari.

Ehtimol, kanadalik baliqlarning bunaqa bo‘lini-shini eshitgandir ham, ammo, shubhasiz, Konsel bu haqda anchagina ko‘p narsa bilardi. Ned bilan do‘stlashib qolgani uchun unga ba’zi narsalarni astoydil ma’lum qilish maqsadida aytdi:

– Do‘stim Ned, siz baliqlarga dahshat solasiz, siz epchil va dovyurak baliqchisiz. Hayotingizda dengiz jonivorlarini ko‘plab tutgansiz. Ammo men garov o‘ynayman, siz ularni qanday tasniflashni tasavvur ham etolmaysiz.

– Bekorlarni aytibsiz, – dedi juda jiddiy ohangda kanadalik. – Baliqlar yeb bo‘ladigan va yeb bo‘lmaydiganlarga bo‘linadi.

– Bu yeb to‘ymaslar tasnifi, – deb kuldi Konsel, – qani, ayting-chi, qiltanoqli baliqlar bilan kemirchaklilar orasidagi farqni bilasizmi?

– Bilsam ham ajab emas.

– Shu sinflarning qismlarga bo‘linishini-chi?

– Yo‘q, bundan xabarim yo‘q!

– Unday bo‘lsa quloq soling, Ned, unutmang. Qiltanoqli baliqlar olti guruhga bo‘linadi. Birinchi guruhi tikantukli baliqlar bo‘lib, ularning yuqori jag‘i yaxlit qimirlaydi hamda taroqsimon jabrasi bor. Bu guruh o‘n besh oilani, ya’ni bizga ma’lum bo‘lgan barcha baliqlarning to‘rtdan uch qismini o‘z ichiga oladi. Oddiy olabug‘a baliq shu guruhning namunasidir.

– Ancha mazali baliq, – deya luqma tashladi Ned Lend.

– Ikkinchi guruhi, – deb so‘zini davom ettirdi Konsel, – teshik pufaklilar. Ularning qorin suzgichlari qorinlarining tagida, ko‘krak suzgichlarining pastida bo‘lib, yelka suyaklariga birikmagan. Bu guruh besh oilani o‘z ichiga oladi va bularga chuchuk suvda yashaydigan baliqlarning ko‘pchiligi kiradi. Zog‘ora baliq va cho‘rtanbaliq shu oilaning namunasidir.

– Ffu,– dedi kanadalik irganganday,– chuchuk suvda suzadigan baliqlarni yoqtirmayman.

– Uchinchi guruhi, – dedi Konsel, – yumshoq tuklilar bo‘lib, ularning qorin suzgichlari ko‘krak suzgichlarining tagida va bevosita yelka suyaklariga birikkan bo‘ladi. Bu guruhda to‘rt oila bor. Bu guruh namunasi qalqon baliqdir.

– Mana bu ajoyib baliq! – deya xitob qildi garpunchi baliqlarga hamon faqat taom nuqtayi nazaridan yondashib.

– To‘rtinchi guruh, – uning gapiga e’tibor bermay davom ettirdi Konsel, – faqat ilonbaliqlar oilasidan iborat bo‘lib, ularning tanasi cho‘zinchoq, qorin suzgichlari yo‘q, qalin hamda ko‘pincha shilliq teri bilan qoplangan.

– Bemaza, – deya luqma tashladi garpunchi.

– Beshinchi guruhi, – dedi Konsel, – taram-taram jabralilar. Ularning jag‘lari yaxlit qimirlaydi, ammo jabralari uning aylanasi bo‘ylab taram-taram bo‘lib, ikkitadan joylashgan. Bu guruhda faqat birgina tikanlilar oilasi bor. Uning namunasi otbaliq.

46.Ballast – kemaning muvozanatini saqlash uchun qo‘yilgan yuk.
47.Statika – nazariy mexanikaning bir bo‘limi.
48.Takelaj – kemaning hamma asbob-uskuna va jihozlari.
49.Verf – kema yasaydigan va remont qiladigan joy.
50.Sekstant – astronomiya va geodeziyada ishlatiladigan burchak o‘lchash asboblaridan biri.
51.Galiley (1564–1642) – Yer Quyosh atrofida aylanadi, degan ta’limoti uchun ruhoniylar ta’qib etgan buyuk italyan olimi.

Бесплатный фрагмент закончился.

399 ₽
189,11 ₽
Возрастное ограничение:
0+
Дата выхода на Литрес:
15 апреля 2023
Объем:
1 стр. 2 иллюстрации
ISBN:
978-9943-26-603-2
Переводчик:
Правообладатель:
Sharq

С этой книгой читают

Другие книги автора